Ishsizlikni kamaytirish eng muhim vazifa
Buxoro viloyati aholisi 1952,8 ming nafarni tashkil etmoqda. Shundan mehnatga layoqatli aholi soni (mehnat resurslari) – 1068,5 ming kishini tashkil etadi.
Aholining 82,4 foizi iqtisodiy faol aholi hisoblanadi. Iqtisodiy faol aholining 10 foizi rasmiy ish bilan ta’minlanmagan. 48,8 ming nafar ayollar, 26,5 ming nafar yoshlar ishsiz.
Viloyatda ayni paytda ishsizlikni kamaytirish, xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
– Prezidentimizning 2021 yil 28 apreldagi “2021 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida” gi qaroriga asosan viloyatda 2021 yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etishning 29 ming 568 ta prognoz parametrlari ishlakb chiqilgan, – deydi viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Hamroyev. – Jumladan, investitsiya loyihalari va ijtimoiy infratuzilma hisobiga 15 ming 282 ta ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan. Shundan tarmoq investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 1 ming 910 ta, hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 12 ming 966 ta, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hisobiga 406 ta ish o‘rni yaratilgan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 14 ming 286 ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.
Mazkur qaror bilan joriy yilda aholi bandligiga ko‘maklashish va ish beruvchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlarning umumiy prognoz ko‘rsatkichlari ham tasdiqlangan. Unga ko‘ra, 16 ming 992 nafar fuqarolarga ishga joylashishga ko‘maklashildi. 5 ming 7 nafar kishi haq to‘lanadigan jamoat ishiga joylashtirildi. 3 ming 677 nafar kasb-hunarga o‘qitish, qayta tayyorlash va malaka oshirishga yuborildi. 2 ming 568 nafar fuqarolarga subsidiyalar ajratildi.
Shuningdek, joriy yilda ishsizlarni bo‘sh va zahira ish o‘rinlariga ishga joylashtirish prognoz ko‘rsatkichlariga ko‘ra jami 16 ming 992 nafar fuqarolarga ishga joylashishda ko‘maklashiladi. Shundan murojaat qilgan 14 ming 552 nafar ishsiz fuqarolar bo‘sh ish o‘rinlariga, 2 ming 440 nafar fuqarolar maxsus (kvota asosida) ish o‘rinlariga joylashtiriladi.
Zarif Komilov, O‘zA