Ishsizlik masalasi hokim nazoratida
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi Yoshlar bog‘ida asbob-uskunalar ko‘rgazmasi va mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Tadbirda Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov aholisi bilan suhbatlashdi. Mamlakatimizda yildan yilga tadbirkorlik muhitini yaxshilash, oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni boshlagan oilalarga keng imkoniyatlar berish, qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar shuningdek, so‘ngi yillarda tumanda yaratilayotgan ish o‘rinlari haqida gapirdi.

Fuqarolarning oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar olish tartibi bilan bog‘liq ko‘plab savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi. Mehnat yarmarkasida tumandagi o‘ttizdan ortiq korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi 951 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Yarmarkaga tashrif buyurgan ishsiz fuqarolarning 67 nafari Buxoro shahrida joylashgan ARTEL maishiy texnika ishlab chiqarish korxonasi hamda 127 nafari “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasidagi MTO gaz-kimyo majmuasining qurilishida ishlash uchun Enter Engineering kompaniyasi bilan tegishli tartibda shartnoma imzoladi. Bulardan tashqari, 17 nafar xotin-qizlar “Ekvatorial Chodak” korxonasining Qorako‘l filialiga, yana 3 nafar fuqaro tumandagi byudjet korxonalariga ishga joylashtirildi. Shuningdek, 13 nafar ishsiz fuqarolarga qayta kasbga o‘qitishga yo‘llanmalar berilgan bo‘lsa, 37 nafariga mehnat qonunchiligi va huquqiga doir maslahatlar berildi.

– Joriy yil boshidan 1025 nafar aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 22 milliard so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi, – deydi tuman hokimi Xurshid Tohirov. – Bundan keyin ham aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni kuchaytirish, oilaviy tadbirkorlikka yanada turtki berish orqali aholining barqaror va qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri