Ishqiy munosabat o‘lim bilan tugadi
O‘qituvchilik sharafli kasb bo‘lib, «igna bilan quduq qazishdek» mashaqqatli va ulug‘ ishni qilayotganlarni doimo e’zoz bilan tilga olamiz. Ayniqsa, qo‘limizga ilk bor qalam tutib, yozishni o‘rgatgan ustoz bir umr qalbimiz ardog‘ida bo‘ladi. Afsuski, Qo‘qon shahridagi 19-umumta’lim maktabining boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Lola Goryacheva qabih jinoyatga qo‘l urdi. Qo‘liga pichoq olib, bir kishining hayotdan bevaqt ko‘z yumishiga sababchi bo‘ldi.
Ikki nafar farzandning onasi bo‘lgan bu ayol turmushidan ajrashgan. 2019 yil fevral oyida internet ijtimoiy tarmog‘idagi «Odnoklassniki.ru» sayti orqali Azamat ismli yigit bilan tanishib qoladi. Bir-biri bilan ko‘rishganidan so‘ng munosabatlar jiddiylasha boshlaydi. Furqat tumanilik bu yigit mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanar, oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgani uchun hali uylanmagan edi. Lola o‘zidan ancha kichik bo‘lgan Azamatni to‘g‘ri yo‘lga solish o‘rniga, u bilan tobora yaqinlashardi. Ba’zida rashk tufayli ikkisi janjallashib qolardi. Muallima asta-sekin undan uzoqlashishni, kam uchrashishni boshladi. Albatta, bu yigitga yoqmadi. 2020 yil 3 noyabr kuni Azamat unga bir necha bor telefon qilib qayerda ekanligini so‘rab-surishtirdi. Lola unga qo‘ng‘iroq qilmasligini aytib, telefonni o‘chirib qo‘yadi. Shu kuni soat 22:00 larda yigit mast holatda uning uyiga keldi. Ayol munosabatlarni to‘xtatish maqsadida gaplashib olmoqchi bo‘lganida yigit uni arzimas bahonalar bilan urdi. Lola uni qo‘rqitib qo‘yish maqsadida qo‘liga pichoq olib, o‘qtaldi. Qasddan urilgan tig‘ yigitning chap oyog‘ini jarohatladi. Shundan so‘ng Azamat tashqariga chiqib ketdi, bir necha daqiqa o‘tib eshikni taqillatsada, Lola uni uyga kirgizmadi. Yigit yarim tunda sovuqda jarohatlangan holda ko‘p qon yo‘qotishi natijasida vafot etdi...
Sud tibbiyot ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, marhum A.Nabiyevning chap sonida arteriya hamda mushaklari shikastlangan, sanchilgan-kesilgan yarasi bo‘lib, ushbu jarohatlar hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlar toifasiga kirishi aniqlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi tomonidan L.Goryachevaga besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud jarayoni davomida u qilmishidan pushaymonligini bildirdi. Afsuski, endi kech.
Ayol bugun jazo muddatini o‘tamoqda. Agar u o‘shanda yigitga o‘z vaqtida tushuntirganida, to‘g‘ri yo‘lga solganida, yordam ko‘rsatganida balki, bu mudhish voqea yuz bermasdi.
M.Sulaymonov, O‘zA