Ishonchni oqlash muhim sanaladi
Shu yilning 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz yangi O‘zbekistonning ikkita mustahkam ustuni borligi, birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot, ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat ekaniga alohida urg‘u berib o‘tdilar. Bunda ta’lim va tarbiyani kuchaytirish, yosh avlodning dunyoqarashi kengaytirish, maktablar holati, darsliklar sifati hamda o‘qituvchilar salohiyatini yaxshilash, oliy ta’lim sifatini oshirish ustuvor vazifalardan etib ko‘rsatildi. Shuningdek, yosh avlodning ma’naviy dunyosini milliy ruhda shakllantirish uchun tarix fanining ham o‘rni beqiyos ekanligi alohida ta’kidlandi.
Ma’lumki, tarix tajribalar asosida shakllanib, o‘tmishni o‘rganib, kelajakda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim rejalar tuzishda xizmat qiladigan eng muhim fan sohalardan biri sanaladi. Uni o‘rganish millat ongini tarbiyalash, uning mafkurasini yuksaltirish, g‘oyalarni shakllantirish hamda xalq birdamligini ta’minlashda xizmat qilish bilan birga, kelgusida sodir bo‘ladigan har qanday tahdidlarni oldindan ko‘ra olish va ularga qarshi chora-tadbirlar ishlab chiqish immunitetini shakllantiradi.
Shunday ekan, tarixni to‘g‘ri talqin qilgan holda uni aholiga yetkazish tarixchilar oldida turgan vazifalardandir. Afsuski bu borada ham ba’zi jiddiy kamchiliklar mavjuddir. Shunday kamchiliklarga e’tibor qaratib, davlatimiz rahbari tarix fanida olib borilayotgan tadqiqotlarda hanuz eskicha yondashuvlar, bayonchilik usuli ustunligi, tarixiy qonuniyatlar ochib berilmayotganini ta’kidladi.
Bayonchilikning ustun bo‘lishi esa, tarixning aksariyat hollarda noto‘g‘ri yoki bir tomonlama talqin qilinishiga olib keladi. Natijada, aholi orasida mahalliy tarixchi olimlar ishlariga qaraganda xorij olimlari ishlariga talab ortib boraveradi. Chunonchi, biror millat o‘z tarixini yozmas ekan, yoza olmas ekan, u boshqalar tomonidan turlicha talqinlarda yozilib, millatning o‘ziga qarshi qurol sifatida ishlatilishi, uni jilovlash va o‘z yo‘rig‘ida yuritish uchun muhim qurolga aylanadi. Shunday ekan, millat o‘zligini yuksaltirish, uni turli mafkuraviy va g‘oyaviy xurujlardan muhofaza qilishning eng oson yo‘li xalqqa o‘z tarixini o‘rgatish va undan iftixor hislarini tuyishni shakllantirish sanaladi.
Tajribadan kelib chiqsak, mustamlaka tuzum davrida vatanimiz tarixini yozish o‘z olimlarimizning eng og‘riqli nuqtasi sanalgan. Negaki metropoliyada yozib berilgan yoxud qoliplangan tarixdan chetga chiqish mumkin emasdi. Mustabid tuzum mafkurasiga qarshi yozilgan tarixiy ishlar va asarlar keskin qoralangan, mualliflar esa, qattiq tanqid qilingan. Bularning barchasi o‘zbek xalqining o‘zligini anglashiga qarshi qilingan harakatlardan biri edi. Shu o‘rinda, millatimiz kuyunchagi akademik Ibrohim Mo‘minovning ilmiy jasorati va yuksak vatanparvarlik fazilatining yorqin ifodasidan guvohlik beruvchi xotiralar diqqatga sazovordir.
“Ibrohim Mo‘minov Amir “Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli” asarini chop ettirgandan keyin unga nisbatan tazyiq va zug‘mlar kuchayib ketdi. Bir guruh “vatanparvar” va “ziyolilar”lar til biriktirib, unga bo‘htonlar uyushtirishga harakat qildi. Bu esa, olimning keyingi faoliyatida salbiy ta’sir o‘tkazmay qolmadi”. Buning ham asl sababi tarixni yozmak istagan jonkuyar vatanparvar va millatparvarlarning qalam ushlaydigan qo‘llarining qayirilishi, kitob o‘qiydigan ko‘zlarining to‘silishi zamirida shakllangan bir holat edi. Ya’ni o‘tmishni haqqoniy yoritish imkonidan mahrum qilinib, qoliplangan tarix yozib berilganining natijasi edi. Tarixni yozib berganlar esa, o‘quvchi ongiga Amir Temur va temuriylar, umuman olgan butun tariximizga oid salbiy qarashlarni to‘ldirib tashlagan edilar. Bu chandiqning natijasi mustaqillik yillarida ham o‘z asoratini ko‘rsatib keldi. Xususan, yosh avlod va katta avlod qarashlaridagi qarama-qarshiliklar, ongi mustamlaka tuzum g‘oyalari bilan sug‘orilgan o‘qituvchi va ba’zi mutaxassislik vakillarining o‘tish va o‘zgarishlar jarayonlariga moslasha olmasliklari hamda asl tarixni boricha ko‘rsatib berishda yo‘l qo‘ygan xatolari yosh avlodga ham salbiy ta’sir o‘tkazmay qolmadi.
Yana bir misol O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning “Navoiy” romani atrofida roman va muallif atrofida kechgan voqealarda namoyon bo‘ladi. Buni qarangki, hatto xorijlik yozuvchi va adabiyotchilarga yoqqan va yuqori darajada e’tirof etilgan bu asar ongi mustabid tuzum g‘oyalari bilan sug‘orilgan bir guruh “millatparvar” va “vatanparvarlar”ga yoqmay qoldi. O‘zining “Yo‘qotganlarim va topganlarim” asarida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Sa’id Ahmad o‘sha mash’um voqealarni eslab bayon qilar ekan, bir necha majlislarda Oybek masalasi ko‘tarilgani, uning barcha unvonlari va mukofotlarini bekor qilishni talab qilganlarini bizga yozib berilgan tarixning achchiq asoratlaridan biridir.
Ma’lumki, O‘zbekiston hududida yashagan xalqlar doim zulm, xo‘rlik, adolatsizlik, bosqinchilik va tobelikka qarshi kurashib kelgan. Ular doim ozodlikni saqlab qolishga harakat qilib, yovga qarshi kurash qilganlar. Mo‘g‘ullarning jabr va zulmiga qarshi bosh ko‘targan Mahmud Torobiy va Shamsiddin Mahbubiy boshchiligidagi xalq qo‘shinlarining Buxoro va uning atroflarida erishgan g‘alabalarini tasvirlab, unga baho bergan tarixchilardan biri o‘quvchiga “boshqaruv yalangoyoq va qora xalqning qo‘liga o‘tdi” deb tushintirib ketgan va bu maktab darsligida ham shu tarzda nashr etilgan edi. Qarangki, yozib berilgan tarixni o‘rganish natijasida xalqimiz orasida ozodlik uchun kurashib jang qilganlarni kamsitish, bosqinchilarni esa oqlash va himoya qilish kayfiyati shakllandi va bu darsliklar sifatiga ham o‘z vaqtida panja ortidan qaralganligidan dalolat beradi.
Shu yilning o‘zida o‘tkazilgan qator yig‘ilishlarda – Xavfsizlik kengashi, Ma’naviyat va ma’rifat kengashi hamda Islom sivilizatsiyasi markazidagi chiqishlarida milliy yetakchimiz Shavkat Mirziyoyev tarix fani bilan bog‘liq tizimni tubdan o‘zgartirish, tarixiy tafakkurni shakllantirish bilan bog‘liq o‘ta muhim va zarur g‘oya hamda takliflarni ilgari surdilar. O‘zbekistonda tarix fanini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, Tarix institutini tarix fanini rivojlantirish bo‘yicha tayanch ilmiy muassasasi etib belgilash yuzasidan topshiriqlar berdilar. Bularning bari biz tarixchi olimlar, ayniqsa, yosh izlanuvchilar uchun ham faxr, ham katta mas’uliyatdir.
Ustozlarimiz, katta avlod olimlarining tan olishlariga qaraganda, umuman ilm-fanga, xususan, tarix sohasiga bunday har tomonlama e’tibor hech qachon bo‘lmagan ekan. Ular bizlarga qarata, sizlarga – yoshlarga havasimiz keladi, davlatimiz rahbari yaratib bergan bunday ijodiy va moddiy sharoit bizda bo‘lmagan, demoqdalar. Demak, endi biz boshqacha ishlashimiz, Prezidentimiz va el-yurtimiz ishonchini oqlashimiz kerak bo‘ladi.
Vohid Xolov,
Fanlar Akademiyasi Tarix instituti katta ilmiy xodimi