Ishonchga munosib bo‘lish faxru iftixor bag‘ishlaydi
Mamlakatimizda yosh avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, shuningdek, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish borasida tizimli ishlar qilinmoqda.
Imtiyoz va imkoniyatlarning amaliy natijasi sifatida yurtimiz yoshlari Olimpiya, Jahon va Osiyo o‘yinlari hamda nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishib kelmoqda.
Respublikamizda taekvondo (WT) sport turining jadal ravishda rivojlanib, yoshlar o‘rtasida yanada ommalashib borayotgani ayniqsa e’tiborlidir.
Taekvondo (WT) sport turini yanada rivojlantirish, yuqori mahoratli sportchilar va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 noyabrdagi “Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tarkibida “Taekvondo va sport faoliyati” fakultetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q.
Shu qisqa davr mobaynida Taekvondo va sport faoliyati fakultetiga iqtidorli sportchilarni jalb qilish, ularga shart-sharoitlar yaratish maqsadida universitetda tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Bildirilgan ishonch o‘z samarasini bermay qolmayapti. Birgina “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sha’nini astoydil himoya qilib kelayotgan O‘zbekiston Milliy universiteti iqtidorli sportchi-talabasi Ulug‘bek Rashitov barcha raqiblaridan ustun kelib, 2 karra Olimpiya chempioni degan unvonga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston iftixori Ulug‘bek Rashitov hamda universitet iqtidorli sportchilarining yorqin g‘alabalarni qo‘lga kiritishida O‘zMU professor-o‘qituvchilari, murabbiylar jamoasining katta hissasi borligini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Shuningdek, “Parij-2024”Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston Milliy universiteti sportchi-talabalari Jasur Jaysunov, Svetlana Osipova, Ozoda Sobirjonova va Madina Mirabzalovalar ham qatnashmoqdaki, yakka va jamoaviy bellashuvlarda ularga ulkan omad va zafarlar tilab qolamiz.
Mamlakatimiz dovrug‘ini dunyoga doston qilayotgan, uning nufuzini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan Ulug‘bek Rashitovdek yoshlarimiz kelgusida yurtimizda yana yuzlab mahoratli sportchilar avlodi yetishib chiqishiga mustahkam zamin tayyorladi, deyish mumkin.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA