Ishonchga munosib bo‘lish – yangi marralarga boshlaydi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi. Bu viloyat ahlining kuchiga-kuch, g‘ayratiga-g‘ayrat qo‘shib, ularni yangi marralar sari ruhlantirmoqda.Davlatimiz rahbari tashrif davomida bizning korxonamizda ham bo‘lib, faoliyatimiz bilan tanishdi, rejalarimiz bilan qiziqdi, korxonani yanada rivojlantirish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berdi.
Korxonamiz 2004-yilda aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 5 ishchi bilan faoliyat boshlagan. Mamlakatimizda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar samarasida faoliyatimiz yildan-yil kengayib bordi va ayni paytda 50 dan ortiq ishchi mehnat qilmoqda.
Bir gektarlik zamonaviy issiqxonamiz “Hamkorbank”ning viloyat filialidan olingan 500 ming dollarlik kredit hisobidan tashkil etilgan. Xorijdan keltirilgan yuqori samaradorlikka ega zamonaviy uskunalar bilan ishlashni qishlog‘imiz yoshlari qisqa muddatda o‘zlashtirib oldi.
Prezidentimiz issiqxonani ko‘zdan kechirar ekan, “Bu axir mo‘jiza-ku, boylik-ku!”, dedi. Bir dona pomidorni qo‘liga olib hidlab ko‘rdi. So‘ng tabassum bilan “O‘zimizning jaydari pomidorning hidi kelayapti” deganida ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi, o‘zimni dunyodagi eng zo‘r dehqon, deb his etdim.
Endi issiqxona haqida ikki og‘iz. Bu yerda pomidorning Gollandiyadan keltirilgan serhosil “Alamina” navi yetishtiriladi. Janubiy Koreya texnologiyasi asosida barpo etilgan issiqxonaning boshqalardan farqi shundaki, urug‘ yerga emas, kokos yong‘og‘i po‘stiga ekiladi. Ko‘chat 100 kunda hosilga kiradi. Bir dona pomidor 300 grammdan 500 grammgacha tosh bosadi. Ushbu navdan Yevropa davlatlarida bir marta hosil olinsa, yilning 300 kuni quyoshli bo‘lgan jannatmonand yurtimizda ikki marta hosil olish imkoniyati bor.
Xovos tumanida yer osti sizot suvlari juda yaqin, shu sababdan bunday texnologiyada mahsulot yetishtirish g‘oyat samarali. Bir gektar maydondan yiliga 150-200 tonna pomidor olish mumkin. Hozir yarim gektar maydonda dastlabki pishib yetilgan mahsulotni yig‘ib oldik. 43 ming dollarlik pomidor Rossiyaga eksport qilindi.
Yana bir jihati, bu texnologiyada ko‘chat tagini yumshatish, chopiq qilish va boshqa shu kabi og‘ir qo‘l mehnati talab qilinmaydi. Ishning asosiy qismi komputer orqali amalga oshiriladi. Issiqxonadagi harorat, namlik darajasi, tomchilatib sug‘orish usuli, o‘g‘itlash, issiq va sovuqdan, namlik ko‘payib yo kamayib ketishidan himoyalovchi pardalarni ochib-yopish, qozonxonada ko‘mir yoqib isitish kabi yumushlarni ham atigi 3-4 kishi – agronom va operatorlar komputer yordamida bajaradi.
Qo‘l mehnati faqat ikki-uch jarayonda talab qilinadi. Urug‘ni ekish, hosildorlikni oshirish maqsadida barglarni chekanka qilish, ko‘chatlarga ip tortish va pishib yetilgan hosilni terib olish yumushlarini uch smenada mehnat qilayotgan ishchilarimiz bajaradi.
Mabodo elektr tizimida uzilish bo‘lsa, maxsus generatorlar 4 daqiqada avtomatik ravishda ishga tushadi va elektr uzatilgach, yana avtomatik tarzda o‘zi to‘xtaydi. O‘g‘it va minerallar, suv soladigan maxsus idish, qozonxona va umuman barcha jihozlar xorijdan keltirilgan.
Prezidentimiz issiqxonani yana 2 gektarga kengaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan zavod, chorvachilik, baliqchilik, limonchilik komplekslari tashkil etish bo‘yicha loyihamiz bilan ham tanishdi. Issiqxonani 10 gektarga kengaytirishni tavsiya qildi. Boshqa joylarda ham shunday issiqxonalar tashkil etish, bu ishga qo‘l urmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.
Mamlakatimizda ishlayman, oilamga, el-yurtga naf keltiraman, deganga barcha sharoit bor. Turli imkoniyat va imtiyozlar berilmoqda. Bundan foydalanib, biz ham korxonamiz qoshida issiqxonadan tashqari, turli qurilish materiallari savdosi va ishlab chiqarish kompleksi barpo etganmiz. Yog‘ochni shartnoma asosida Rossiyadan o‘zimiz kesib olib kelamiz, qayta ishlaymiz va arzon narxlarda bozorga chiqaramiz.
Chorvachilik fermamizda bo‘rdoqiga boqilgan 187 bosh naslli qoramolni davlatga sotdik. Endi zamonaviy chorvachilik kompleksi qurmoqchimiz. Gollandiya va Polshadan naslli qoramol keltirish bo‘yicha shartnoma tuzganmiz.
63 gektar yerda dehqonchilik qilamiz. Uning 15 gektariga paxta, qolgan qismiga chorva uchun arpa, beda, makkajo‘xori ekilgan.
O‘tgan yili 42 gektar maydonda ko‘l tashkil etib, sazan, do‘ngpeshona, oq amur kabi baliq turlarini parvarishlayapmiz. Korxonamiz o‘tgan yili 500 million so‘m sof daromad oldi.
Bularning barchasi mustaqillik tufayli, Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloqqa sanoatni olib kirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir. Ota-bobolari bir umr yerdan bosh ko‘tarmay ishlasa-da, qora qozoni arang qaynagan mendek bir dehqonning mana shunday mulkdor bo‘lishi, iqtisodi rivojlangan davlatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilishi birovning tushiga kirganmi?! Yo‘q, albatta. Mustaqillik sharofati bilan bugun o‘z mehnati ortidan mulkdor bo‘layotgan yurtdoshlarimiz eh-he, qancha. Men shularning bittasiman, xolos. Va bundan faxrlanaman.
Davlatimiz rahbari yurtimizning turli hududlarida bo‘lib, yangi loyihalar bilan tanishayotgani, ishbilarmonlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotgani ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tarmoqda. Bundan-da ulkan marralar sari ruhlantirmoqda. Endi hamma gap o‘zimizda qoldi. Astoydil mehnat qilib, el-yurt rivoji, xalqimiz dasturxoni to‘kis bo‘lishiga hissa qo‘shishimiz, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tiborga munosib javob berishimiz kerak.
Sobir Shokirov,
Xovos tumanidagi
“Hoji Gadoyboy ota” xususiy
korxonasi rahbari.