Ishlab chiqaruvchilar byudjetga qariyb 42 trillion so‘m soliq to‘ladi
O‘zbekiston iqtisodiyotida sanoat va ishlab chiqarish tarmoqlarining ulushi yil sayin ortib bormoqda. Keyingi yillarda mamlakatda mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hajmini kengaytirish va eksportbop sanoatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar iqtisodiy faollikni kuchaytirdi. Bu esa davlat byudjetiga tushayotgan soliqlar hajmida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 61 ming 734 ta yuridik shaxs tomonidan davlat byudjetiga 41,8 trillion so‘mdan ortiq soliq to‘langan. Bu ko‘rsatkich mamlakat iqtisodiyotida sanoat korxonalarining ahamiyati tobora kuchayib borayotganini anglatadi.
Soliq qo‘mitasining malumotiga ko‘ra, jami tushumlarning 6,1 trillion so‘mi 20 ta yirik soliq to‘lovchi hisobiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu korxonalarning tovar aylanmasi 42,1 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, foydalanilgan soliq imtiyozlari hajmi 289,7 milliard so‘mga yetgan.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatda sanoatni diversifikatsiya qilish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bera boshladi. Ayniqsa, qurilish materiallari, metallurgiya, kimyo, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoatida yuqori o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda.

Yirik soliq to‘lovchilar tomonidan amalga oshirilgan to‘lovlar soliq turlari kesimida quyidagicha shakllangan:
qo‘shilgan qiymat solig‘i — 2 trillion so‘m,
foyda solig‘i 1,5 trillion so‘m,
aksiz solig‘i — 983,5 milliard so‘m,
yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq 478,1 milliard so‘m, ijtimoiy soliq — 360,9 milliard so‘m.
Shuningdek, jismoniy shaxslar daromad solig‘i 333,8 milliard so‘m, mol-mulk solig‘i 171,4 milliard so‘m va boshqa soliqlar 194,8 milliard so‘mni tashkil etgan.
Muhimi, mazkur hisob-kitoblarda Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyatlari ko‘rsatkichlari inobatga olinmagan. Bu esa boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalarning o‘ziyoq byudjet tushumlarida katta ulushni ta’minlayotganini ko‘rsatadi.
Joriy yilning 13-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham sanoatni iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveriga aylantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Davlat rahbari tomonidan hududlarda yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va eksport hajmini oshirish bo‘yicha qator vazifalar qo‘yilgan.
Ekspertlarning qayd etishicha, ishlab chiqarish sohasidagi yuqori soliq tushumlari mamlakatda iqtisodiy faollik saqlanib qolayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, xususiy sektor ulushining ortishi va mahalliy korxonalarning ichki bozordagi faolligi davlat byudjeti barqarorligi uchun muhim omil hisoblanadi.
Shu bilan birga, soliq imtiyozlarining samaradorligi ham muhim ahamiyatga ega. Mutaxassislar fikricha, ishlab chiqaruvchilarga berilayotgan yengilliklar yangi texnologiyalarni joriy etish, mahsulot tannarxini pasaytirish va raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA