Ishlab chiqarish hajmi oshgan sari asalarichilikka qiziqish ko‘paymoqda
Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Turkmaniston Respublikasi bilan chegara hududining chekka mahallasidan taralayotgan shirin hid — asal hidi. Ammo bu yerdagi eng katta shirinlik asalning o‘zi emas. Uning ortida minglab mehnat, tadbirkorlikka bo‘lgan ishonch, oilaviy daromad va insonning o‘z qo‘li bilan farovon hayot yaratayotgani mujassam.
Bugun yurtimizda mahallalarni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kam ta’minlangan oilalarni daromadli mehnatga jalb etish va har bir xonadonni tadbirkorlikka yo‘naltirish davlat siyosatida ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Davlat rahbari tashabbusi bilan mahallalarda aholining muammosini o‘rganishdan tortib, uning doimiy daromad manbaini yaratishgacha bo‘lgan yaxlit tizim shakllantirilmoqda.
Tumandagi Jig‘ochi mahallasidagi tajriba esa ana shu ezgu maqsadlarning hayotdagi amaliy ifodasidir. Yaqinda hududda amalga oshirilayotgan yangilanish va bunyodkorlik ishlari, mahallalarda yo‘lga qo‘yilgan yangi loyihalar bilan tanishish maqsadida Jizzax viloyatidan kelgan bir guruh hokim yordamchilari Qorako‘l tumanida bo‘lishdi.
Mehmonlar, ayniqsa, Jig‘ochi mahallasida aholi daromadini oshirishning o‘ziga xos modeliga aylangan asalarichilik tajribasi bilan yaqindan tanishishdi.
Tuman markazidan 30 kilometr uzoqda joylashgan, janubdan Turkmaniston Respublikasining Lebap viloyati bilan chegaradosh Jig‘ochi mahallasi bugun o‘zining mehnatkash aholisi va tadbirkorlikka yaratilgan imkoniyatlari bilan e’tiborga sazovor.

Mahalla tarkibidagi Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy hamda Muqimiy ko‘chalarida 564 ta xonadon, 890 ta oila istiqomat qiladi. Hudud aholisi 3 ming nafardan ziyod.
E’tiborlisi, bugun mahalladagi 128 ta xonadon asalarichilik bilan shug‘ullanib, mazkur faoliyat orqali muntazam daromad topmoqda. Har bir xonadonda o‘rtacha 10 tagacha asalari uyasi parvarishlanadi. Asalarilar mehnati esa oilaviy byudjetga sezilarli hissa qo‘shmoqda.
Bir oila mavsum davomida ikki martagacha, har safar o‘rtacha 15–20 kilogramm atrofida tabiiy asal olishi mumkin. Bu oddiy raqamlar emas. Bu — mahalladagi 128 ta xonadon uchun qo‘shimcha daromad, oilaviy tadbirkorlik, mehnat va farovonlik manbai degani.
Jig‘ochidagi tajribaning eng muhim jihati shundaki, bu yerda asalarichilik faqat xonadon miqyosida qolib ketmagan. Mahalladagi “Hasanobod shifo bol” fermer xo‘jaligi aholi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Fermer xo‘jaligi tomonidan xonadonlarga asalari uyalari tarqatiladi. Aholi esa asalarilarni parvarishlab, tabiiy asal yetishtiradi. Yetishtirilgan mahsulot fermer xo‘jaligi tomonidan xarid qilinadi, qayta ishlanadi, qadoqlanadi va iste’molchilarga yetkazib beriladi. Shu tariqa bir qarashda oddiy ko‘ringan asalarichilik jarayoni yaxlit iqtisodiy zanjirga aylanmoqda: xonadon, tadbirkor, qayta ishlash, bozor. Ana shu zanjirning har bir bo‘g‘inida manfaat bor. Xonadon egasi — daromad oladi. Tadbirkor — xomashyo bilan ta’minlanadi. Qayta ishlash korxonasi — ish o‘rinlarini yaratadi. Bozor esa sifatli va tabiiy mahsulot bilan ta’minlanadi. Eng muhimi, aholi yetishtirgan mahsulotini qayerga sotish haqida bosh qotirib o‘tirmaydi. Uni xarid qilish, qayta ishlash va bozorga chiqarish mexanizmi shakllangan. Bu esa mahallada tadbirkorlikni rivojlantirishning eng samarali usullaridan biridir.

Fermer xo‘jaligining salohiyati ham salmoqli. Xo‘jalik rahbari G‘ayrat Iskandarov jizzaxlik hokim yordamchilariga korxona faoliyati, ishlab chiqarish quvvati va istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, “Hasanobod shifo bol” fermer xo‘jaligi yiliga 70 tonnagacha asalni tayyorlash va qayta ishlash imkoniyatiga ega. Bunday hajmdagi ishlab chiqarish natijasida 16,8 milliard so‘mlik daromad olish ko‘zda tutilgan. Xarajatlar chegirilgandan keyin esa 13,8 milliard so‘m sof foyda olish imkoniyati mavjud. Bu ko‘rsatkichlar ortida faqat bir korxonaning emas, balki o‘nlab, yuzlab xonadonlarning manfaati turibdi.
Zero, ishlab chiqarish hajmi oshgan sari aholi xonadonlarida asalarichilikka qiziqish, yangi uyalar soni, mahsulot hajmi va daromad ham ortib boradi.
Mehmonlarni qiziqtirgan jihat ham aynan shu bo‘ldi. Jizzax viloyatidan kelgan hokim yordamchilari Jig‘ochi mahallasida asalarichilikni rivojlantirish, aholini sohaga keng jalb qilish, xonadonlarda yetishtirilgan mahsulotni kafolatli xarid qilish, qayta ishlash va qadoqlash borasidagi ko‘p yillik tajribani atroflicha o‘rgandi.

Zero, bir hududda samara bergan tajribani boshqa hududlarga tatbiq etish — islohotlarning eng muhim natijalaridan biridir.
Ayniqsa, hokim yordamchilari uchun bunday tajriba amaliy ahamiyatga ega. Chunki ularning asosiy vazifasi — mahalladagi imkoniyatni aniqlash, aholining salohiyatini ishga solish va har bir oila uchun munosib daromad manbaini yaratish.
Jig‘ochi tajribasi shu ma’noda tayyor namuna: katta sarmoya talab qilmaydigan, xonadon sharoitida yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘lgan, mahsuloti bozorgir va eng muhimi, oilaviy daromadni oshirishga xizmat qiladigan faoliyat.
Bugun mahalla faqat yashash hududi emas. Unda yangi ish o‘rinlari, tadbirkorlik loyihalari, xizmat ko‘rsatish nuqtalari va daromad manbalari yaratilmoqda.

Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “mahalla yettiligi” tizimi, hokim yordamchilari instituti, oilalarni daromadli mehnatga jalb etish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar zamirida ham ana shu maqsad mujassam: odamlarga tayyor yordam emas, barqaror daromad topish imkoniyatini yaratish.
Jig‘ochi mahallasidagi asalarichilik tajribasi esa bu g‘oyaning hayotdagi yorqin ko‘rinishidir. Bu yerda bir xonadonning imkoniyati butun mahalla iqtisodiyotiga ulanmoqda. Bir asalari uyasi esa kichik bo‘lsa-da, katta daromad zanjirining boshlanishiga aylanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri