Ishchi-xodimlarga mahsulotlar bepul tarqatilmoqda
“Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi rahbariyati hamda kasaba uyushmasi tomonidan ishchi-xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Investorlar tashabbusi bilan har yili kuz-qish mavsumi arafasida ishchi-xodimlar oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanib kelinmoqda. Joriy yilda ham ularga kartoshka, piyoz, sabzi va “Lazer” navli guruch mahsulotlarini tarqatish rejalashtirilgan edi. Ayni paytda ushbu mahsulotlar korxona omborxonalariga jamg‘arilib, ishchi-xodimlariga bepul tarqatilmoqda.
Kuz-qish mavsumida ichki bozorda mahsulotlar narxining oshishi, korxona joylashgan “Elobod” shaharcha fuqarolar yig‘inining Qo‘ng‘irot tumani markazidan 40 kilometr uzoqlikda joylashgani hisobga olinsa, investorlarning ushbu tashabbusi xodimlarga yanada qulaylik yaratadi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA