Ishchi guruh “yo‘l xaritasi”ni muhokama qildi
Ishsizlar bandligini ta’minlashda kam ta’minlangan fuqarolarga har tomonlama yordam ko‘rsatilib kelinmoqda.
Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasida jinoyatlarni jilovlash, jinoyatchilik profilaktikasini yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyadan holi hududga aylantirish yuzasidan ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ishchi guruh a’zolarining vazifalariga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 30 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida aniq vazifalar belgilab berildi. Ushbu yig‘ilish bayoni topshiriqlarini bajarish yuzasidan tashkil etilgan ishchi guruh a’zolari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida jinoyatlarni jilovlash, jinoyatchilik profilaktikasini yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyadan holi hududga aylantirish yuzasidan 70 ta banddan iborat, 13 ta yo‘nalish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, barcha tadbirlarning amalga oshirish muddatlari aniq belgilab olinib, har bir bandga tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari mas’ul etib biriktirildi.
Prezidentimizning joriy yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida belgilab berilgan topshiriqlari asosida mahallalarda jinoyat sodir etishga moyil shaxslar bilan maxsus profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, huquqiy-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Ishsizlar bandligini ta’minlashda kam ta’minlangan fuqarolarga har tomonlama yordam ko‘rsatilib kelinmoqda.
Bunda ayniqsa ehtiyojmand oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, ularning mehnatga layoqatli a’zolarini ishga joylashtirish va sektor rahbarlari mas’uliyatini oshirish orqali jinoyatchilikni kamaytirishga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Jinoyat soni oshgan mahallalarda patrullik yo‘nalishlari ko‘paytirilib, kriminogen vaziyat barqaror hududlarda manzilli profilaktik tadbirlar kuchaytirilmoqda.
Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida 201 mahallada umuman jinoyat sodir etilmagan bo‘lsa, 18 ta mahallada jinoyatchilik soni kamaygan. Voyaga yetmaganlar tomonidan 9 ta tumanda, xotin-qizlar tomonidan 2 ta tumanda umuman jinoyat sodir etilmagan. Shuningdek, yo‘l transport hodisalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 50 taga kamaygan. Talonchilik hamda bosqinchilik jinoyatlari sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Shuning bilan birga, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 411 taga, ya’ni 39,6 foizga o‘sganligi qayd etildi. Sodir etilgan jinoyatlarni tahlil qilganda, uncha og‘ir bo‘lmagan, og‘ir turdagi, o‘ta og‘ir, voyaga yetmaganlar, xotin-qizlar orasida jinoyatlar o‘sgan.
Joriy yilning o‘tgan 10 oy davomida Jinoyat, Fuqarolik, Ma’muriy va Iqtisodiy sudlar tomonidan jami 23 mingdan ortiq ish ko‘rilib, shundan 17,5 mingta ish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilingan. Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiyasi raisining hisoboti sessiyalarda doimiy ravishda tinglanib, tegishli chora-tadbirlar va qarorlar qabul qilinmoqda. Tegishli soha hamda ijro etuvchi organlar rahbarlariga aniq vazifalar belgilab berilmoqda.
Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar natijasida korrupsiya holatlari bo‘yicha 43 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, shundan 42 tasi bo‘yicha 58 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Yetkazilgan 9 milliard 530 million so‘m miqdoridagi moddiy zarar tergov jarayonida undirilgan.