Ishchi guruh o‘rganishlar olib bormoqda
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruhi Buxoro viloyatida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab- quvvatlash, eksport prognozi va investitsiya dasturlari ijrosi, shu jumladan, farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini ishga tushirish borasida o‘rganishlar o‘tkazmoqda.
Xususan, Buxoro shahrida joylashgan “Nigora” MCHJ binosida viloyat hokimi B.Zaripov, viloyat soliq va markaziy bank boshqarmalari, tijorat banklari hamda kommunal soha idoralari rahbarlari ishtirokida muammoli masalalar mavjud bo‘lgan 28 ta tadbirkorlik sub’ekti bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Tadbirda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan kredit ajratish, yer maydoni hamda binolarni auksion savdolariga chiqarish, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, soliq va shu kabi boshqa masalalarga doir 35 ta muammo muhokama qilindi.

Ushbu jarayonda 6 ta muammoli masalalarning joyida ijobiy hal etilishi ta’minlandi. Qolgan muammolarni tez fursatlarda qonuniy hal etish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Shuningdek, “Nigora” MCHJning qiymati 54 million dollarlik trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi joyida o‘rganildi. Loyihani tez fursatlarda ishga tushirishga ko‘maklashish borasida mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ushbu loyihaning ishga tushirilishi natijasida 840 ta yangi ish o‘rini yaratilishi va yiliga 30 million dollarlik trikotaj mahsulotlari eksport qilinishi belgilangan.
Bu boradagi o‘rganishlar davom etmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri