Ishchi guruh maktablar faoliyati va holatini o‘rganmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Nazorat-huquqiy xizmat tizimi boshlig‘i O.Muxtorov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi Andijon viloyatidagi umumta’lim maktablarida ta’lim sifati, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, o‘quvchilar davomati va maktablardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishmoqda.
Mamlakatimizda ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta’lim sifati samaradorligini oshirish, o‘quvchi-yoshlarga bugungi kun talabi darajasida ta’lim-tarbiya berish hamda puxta bilim olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Respublika ishchi guruhi vakillari Ulug‘nor tumanidagi 13- va 1-umumta’lim maktablarida bo‘lib, mazkur ta’lim muassasalaridagi ta’lim sifati, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, o‘quvchilarning davomati va maktabdagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Pedagoglar, o‘quvchilar bilan uchrashuv va muloqotlarda mutasaddilar tomonidan o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlarini ta’minlash uchun ularga maktabda yetarlicha sharoitlar yaratish zarurligi, sinf xonalarning issiq va yorug‘ bo‘lishini ta’minlash, o‘qitish jarayonida ilg‘or va zamonaviy pedagogik texnologiyalar, o‘quvchilarni qiziqtiradigan ish uslublaridan keng foydalanish, mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan taklif, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Respublika ishchi guruhi tomonidan Andijon viloyatidagi o‘rganishlar davom etmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA