Ishbilarmonlik muhitida gender siyosatining roli qanday?
Joriy yilning 15-16 may kunlari Toshkent shahrida “Biznesda gender muvozanatining roli. Gender munosabatga yo‘naltirilgan ish beruvchi” mavzusida 3-xalqaro anjuman o‘tkazildi.
O‘zbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik ekspertlar, mutaxassislar ishtirok etdi.
O‘zbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi raisi Ilhom Haydarov, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o'rinbosari Baxtiyor Mahmadaliyev va boshqalar mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratilayotgan qulayliklar va gender tenglik siyosati ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi raisi Ilhom Haydarov qayd etganidek, ushbu tadbir nafaqat ishbilarmonlik muhitida gender siyosatining bugungi holatini muhokama qilish, balki gender tengligini hisobga olgan holda mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatli.
–Bugungi kunda xotin-qizlarimiz jamiyat hayotida faol ishtirok etmoqda. Bu ularning hayotda o‘z o‘rnini egallashi, iqtidorini namoyon etishi va biznes sohasida imkoniyatlarini sinab ko‘rishida yanada yaqqol ko‘rinmoqda. Mamlakatimizda xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar ham bu borada ishlarning siyosat darajasiga ko‘tarilganidan dalolat beradi. 2018 yil 2 noyabr kuni Yangi O‘zbekiston tarixidagi muhim tashabbuslardan biri – O‘zbekiston ish beruvchilari konfederatsiyasi tashkil etilgan. 200 mingga yaqin ishchi xizmatchilar manfaatlarini birlashtirgan konfederatsiya o‘z faoliyati davomida ijtimoiy muloqot doirasidagi mustahkam va barkamol sheriklik natijasi sifatida munosib mehnat sharoitlariga erishish bo‘yicha umumiy ishlarda, shuningdek, ixtisoslashgan maslahatlar jarayonida ishtirok etib kelmoqda. Konfederatsiya paxta terimi monitoringi, majburiy mehnatning oldini olish masalasida “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi bilan faol dialog olib borishi, “paxta boykoti” bekor qilinishiga katta hissa qo‘shganini alohida e’tirof etmoqchiman. Shu bilan birgalikda, konfederatsiya munosib mehnat tashabbusi doirasida “Better Work”, “Decent work” loyihalari bilan har tomonlama ish sharoitlarini yaxshilash, gender tenglik va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan keng ko‘lamdagi ishlarni olib bormoqda, – dedi I.Haydarov.
Aytish joizki, Prezidentimizning 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada ishlar ko‘lamini kengaytirishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Tadbirda tadbirkor ayollarga va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil etishda zarur maslahatlar berish va amaliy yordam ko‘rsatish ana shunday huquqiy me’yorlar samarasi ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, anjuman ishtirokchilar uchun gender muvozanati va inklyuziya sohasida xalqaro ilg‘or tajribalar almashish, gender siyosati sohasida xalqaro sheriklik va hamkorlikni mustahkamlash hamda O‘zbekistonda biznesni barqaror rivojlantirishning yangi ufqlarini belgilash imkonini yaratdi.
Anjuman yakunida mehnat sohasida gender tengligini ta’minlash bo‘yicha barcha manfaatdor tomonlarning kelgusidagi faoliyatining asosiy majburiyatlari va yo‘nalishlarini aks ettiruvchi umumiy hamkorlik hujjati qabul qilindi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA