Ishbilarmonlik muhiti – samaradorlik omili
Joriy yilda Jizzax viloyatida tadbirkorlar tomonidan 1 ming 457 yangi loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Joriy yilda Jizzax viloyatida tadbirkorlar tomonidan 1 ming 457 yangi loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Prezidentimizning 2014-yil 7-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda shu yilning 15-aprelidagi “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim omil bo‘lmoqda.
Viloyatda mazkur farmon va qaror asosida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, xususiy mulk ustuvorligini ta’minlash, tekshirishlarni qisqartirish bo‘yicha muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Xususan, haftaning har jumasi tadbirkorlar uchun “ochiq eshiklar kuni” deb e’lon qilingan.
Tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha murojaatlarni internet orqali qabul qilish, yer ajratish bo‘yicha arizalarni o‘z muddatida hal etish, hisobotlarni to‘liq elektron shaklda qabul qilish qo‘l kelmoqda.
– Ishbilarmonlik muhitining yaxshilanishi tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida yirik loyihalarni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatini bermoqda, – deydi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Dilmurod Abdurahimov. – Keyingi uch yilda 455,1 milliard so‘mlik 3 ming 70 loyiha ishga tushdi. Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan 210 milliard so‘mlikka yaqin kredit mablag‘lari ajratildi.
Viloyat markazi va tumanlarda paxta tolasini qayta ishlashga ixtisoslashgan “Jizzax plasteks” O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi, “Jizzax kenteks”, “Jizzax Toshtepa tekstil”, “Mir Ulugbek MX” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etildi. Ayni paytda Jizzax shahridagi sobiq “Zilolateks” korxonasi o‘rnida 11 million AQSh dollarilik investitsiya hisobiga to‘quvchilik va tayyor kiyim ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilayotir.
Qishloqlarda tadbirkorlikni rivojlantirish aholi bandligi va turmush farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. G‘allaorol tumanida 5 milliard so‘mlik investitsiya evaziga tikuvchilik fabrikasi, Qo‘ytosh koni korxonasi o‘rnida qiymati 20 million AQSh dollarilik qurilish ashyolari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilmoqda. Bu yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Ayni paytda viloyatda 8 ming 328 tadbirkorlik subyekti ro‘yxatga olingan.
– Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlik va kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘z samaralarini berayotir, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Nosir Mavlonov. – Shu yilning 1-iyulidan boshlab qurilish materiallari, yengil va oziq-ovqat sanoati kichik korxonalarida ishlovchilar soni ikki barobar oshirilib, ularning cheklangan miqdori 200 nafardan ziyod qilib belgilangani bu tarmoqlardagi tadbirkorlar imkoniyatini yanada kengaytirdi. Shu bilan birga, ularda soddalashtirilgan tartibda soliq to‘lash imkoni saqlab qolindi. Ushbu imtiyozning samarasi viloyatdagi 14 korxona misolida tahlil qilib ko‘rilganda, 1 ming 652 yangi ish o‘rni yaratilishi, 3 milliard 250 million so‘m mablag‘ korxonalar ixtiyorida qolishi ma’lum bo‘ldi.
Hokimliklar, adliya va prokuratura organlarida tashkil etilgan “ishonch telefoni” tadbirkorlik subyektlari murojaatlarini qisqa muddatlarda qonuniy hal etish imkonini bermoqda. “Ishonch telefoni” orqali bo‘layotgan murojaatlarda ayrim davlat boshqaruvi idoralari xodimlarining noto‘g‘ri harakati yoki o‘z xizmat vazifasiga nisbatan sovuqqonlik bilan qarash holatlari vaqtida bartaraf etilayotir.
Tadbirkorlarning iqtisodiy-huquqiy bilimini oshirish, ularga davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan qabul qilingan me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu yo‘nalishda yilning o‘tgan davrida barcha tumanlarda tadbirkorlarga davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyat va imtiyozlarning ahamiyatini tushuntirishga qaratilgan o‘quv-seminarlar, trening, ochiq muloqot, davra suhbatlari o‘tkazildi va viloyat prokuraturasi, adliya, soliq idoralari, tijorat banklari, xo‘jalik sudi, statistika organlari tomonidan zarur ma’lumotlar berildi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.