Ishbilarmonlar huquqi qonun himoyasida
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 5-oktabrda imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 5-oktabrda imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar prokuraturasi, adliya, soliq boshqarmalari hamda Markaziy bankning Toshkent shahar bosh boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan seminarda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi.
Seminarda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratish, soha vakillarining erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyat va imtiyozlar berishga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi. Mazkur farmon kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni himoya qilish, sohadagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlarga keng imkoniyat yaratish hamda qulay ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashda muhim huquqiy asos bo‘ladi.
– Ushbu farmon biznes vakillarining haq-huquqlari, manfaatlarini himoya qilish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini yana bir karra ko‘rsatdi, – deydi Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Abdullayev. – Mazkur hujjat yurtimizda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan boshlab berilgan keng qamrovli islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Farmonga muvofiq moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik subyektlari va ularning xodimlari, tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan amalga oshirayotgan shaxslar, ular tomonidan yetkazilgan zarar qoplangan va huquqbuzilishi oqibatlari belgilangan muddatlarda ixtiyoriy bartaraf etilgan taqdirda, javobgarlikning barcha turlaridan ozod qilinadi. Bu tadbirkorlar uchun yanada kengroq imkoniyatlar eshigini ochadi.
Yig‘ilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlash, tadbirkorlarning huquqiy madaniyatini oshirish, auditorlik tashkilotlari va soliq maslahatchilari ko‘rsatayotgan xizmatlar sifati va taqdim etayotgan xulosalari haqqoniyligi uchun javobgarlikni kuchaytirish kabi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Mutaxassislar tadbirkorlarning savollariga javob qaytardi.