Ish unumdorligi va sifati yanada oshadi
Buxoro viloyati Olot tumanida yangi yo‘llar qurilishi va ta’miri borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Aholi talab va murojaatlaridan kelib chiqqan holda ta’mirlash, asfalt bostirish va shag‘allashtirish tadbirlari davom etmoqda.
Tuman yo‘lsozlari tomonidan joriy yilda 47 kilometrdan ortiq umumfoydalanuv va ichki yo‘llarda joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 25 kilometrdan ortiq yo‘lga asfalt bostirilgan. “O‘zbekiston”, “Qirtay” va “Shayxlar” mahalla fuqarolar yig‘inlarining har birida 2 kilometr, “Oq Oltin” mahalla fuqarolar yig‘inida 1,4 kilometr, shuningdek, “Nurobod”, “Jayxunobod” va “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inlarining har birida 2,4 kilometrdan ichki qishloq yo‘llari asosi tayyorlandi. Ulardan yarmiga asfalt bostirilgani aholi va yo‘lovchilar uchun yana bir qulaylik bo‘ldi.
Tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan hududdan o‘tgan xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash ishlari bo‘yicha loyiha smeta hujjatlariga asosan ajratilgan mablag‘ hisobidan “M-37” rusumidagi “Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining 331-340 kilometr qismida joriy ta’mirlash ishlari bajarildi. Tungi yoritish tizimlarini o‘rnatish ishlari, yo‘l qatnov qismining piyodalar o‘tish joyini umumiy 400 metr enlikda sariq va oq bo‘yoq bilan bo‘yash ishlari to‘liq amalga oshirilgan.

Mahalliy ahamiyatga ega “4-K-202” rusumli “Eshakchi q.—Bahrombayot q.—Hasanyor q.—Solaqorovul q.—Qo‘ng‘irot q.” avtomobil yo‘lining “Oq oltin” mahalla fuqarolar yig‘inidan o‘tuvchi qismining 14-17 kilometrlarini mukammal ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilgan. Bunda maxsus texnika va mexanizmlardan foydalanayotgan jamoa tomonidan yo‘l yuza qatlami ko‘chirildi. Qoplama qismiga issiq asfalt-beton qorishmasi yotqizilgan. Yangi yo‘l va uning infratuzilmasini xalqaro andozalar darajasida rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan bu loyihaga 1 milliard 200 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflangan.
Yo‘lsozlar jamoasi mahalliy ahamiyatdagi “4K-202” rusumli “Eshakchi q.—Bahrombayot q.” avtomobil yo‘lining 5-9 kilometr qismini asfaltlashtirish ishlarini o‘z vaqtida tugallab, foydalanishga topshirgan. Jumladan, Denov mahallasi hududidan o‘tuvchi “4R-77” rusumli “Qorako‘l sh. - Yangibozor q.- Xo‘jadavlat temir yo‘l stansiyasi” avtomobil yo‘lining 15-37 kilometr qismini joriy ta’mirlash ishlari ham tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilgan. Bunday manzilli loyihalarni yana davom ettirish mumkin.

Ayni paytda korxonada 125 nafardan ortiq ishchi-mutaxassis faoliyat olib boryapti. Ular tasarrufida hozirda 20 tadan ortiq maxsus texnika, shundan 1 dona buldozer, 7 ta yuk tashuvchi, 5 ta maxsus transport vositasi mavjud. Korxonaning moddiy texnik bazasini yaxshilash, tuman hududidagi yo‘llarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish maqsadida yo‘lsozlar jamoasiga bugun Xitoyda ishlab chiqarilgan yangi avtogreyder –yo‘l sozlovchi transport mashinasi topshirildi.
Yuqori unumdor transport ramziy kalitini yo‘lsozlar jamoasining tajribali mashinisti Arslon G‘aybullayev tuman rahbari Nargiza Ne’matovadan qabul qilib oldi.
–Endilikda yoz jaziramasi, qishning izg‘irin, sovuq kunlaridan cho‘chimasdan yo‘l ta’mirini olib borishimiz mumkin, – deydi tizimda 30 yildan oshiq ishlab kelayotgan mashinist Arslon G‘aybullayev. – Bu texnika imkoniyatlarini yaxshi bilganim uchun shunday deyapman. Mahalla va qishloqlarimiz yo‘llarini ravon, odamlar uzog‘ini yaqin qilishda juda qo‘l keladigan avtomashina.
Zarif Komilov, O‘zA