Irrigatsiya tarmoqlari betonlashtirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2023 yilning 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi videoselektor yig‘ilishda yangi yil O‘zbekistondagi suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” e’lon qilindi.
Irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarida ish ayni qizigan qishki mavsumda Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida umumiy uzunligi 139 kilometrga teng ichki tarmoq ariqlarini betonlashtirish chora-tadbirlari jadallik bilan olib borilmoqda.

–Tumanda ichki suv tarmoqlari umumiy uzunligi 1850 kilometrni tashkil etadi, –deydi tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Turg‘un Boboqulov. –Shundan joriy yil qishki mavsumda va erta bahorda tumanda faoliyat yuritayotgan jami 245 ta fermer xo‘jaligi tomonidan betonlashtiriladigan ariqlar uzunligi 139 kilometrdir.

Shu kunlarda Mallaishayx mahallasidan o‘tuvchi “Ziyorat” arig‘ining uzunligi 2 kilometr masofadagi o‘zani texnika va qo‘l kuchi yordamida tozalanib, betonlashtirish ishlari jadal sur’atda olib borilmoqda.

Shuningdek, tumanning Sayyot hududida faoliyat yuritayotgan “Samad Beshim”, “Kumush kalava agro”, Qorako‘l hududidagi “Jonibek Abdusalom o‘g‘li”, “G‘ofur Razzoq”, “Fazliddin Qilichbek”, Chovli hududidagi “Latif Karim barhayot”, Mallaishayx hududidagi “Qorako‘l Islomjon Rahmon”, “Mirishkor Mirzabek”, “Hamro Hafiz zamini”, Ziyorat hududidagi “Asliddin obod zamini”, “Quvvat Rustam Azima”, Quvvacha hududidagi “Mullo Qilich bobo”, Jig‘achi hududidagi “Jig‘achi Omad Tuzkon”, “Oybek Shaxobiddin paxtakor” kabi fermer xo‘jaliklarida ichki xo‘jaliklararo ariqlarni betonlashtirish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Bu kelgusi dehqonchilik mavsumida ekin yerlariga “ob- hayot”ning ravon va ortiqcha isrofgarchiliksiz yetib borishini ta’minlaydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri