Irodali jamoa g‘alaba qozonadi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionatlarida muntazam ravishda qatnashib keladigan mamlakatimizning ikki klubidan biri – Namanganning “Navbahor” jamoasi musobaqalardagi tarixiy 1000-uchrashuvini Cuperliganing 12-turi doirasida Toshkentda Olmaliqning “OKMK” klubiga qarshi o‘tkazdi.
Murosasiz va hujumkor ruhda kechgan bellashuvda “Lochinlar” o‘yin boshidayoq ustunlikni o‘z qo‘llariga olishga intildi. 8-daqiqada milliy terma jamoamiz a’zosi Ruslanbek Jiyanov raqib jarima maydonchasi tashqarisidan kuchli zarba yo‘llab, “Navbahor”ning milliy chempionatlardagi yubiley – 1600-goliga mualliflik qildi.

Temur Kapadze shogirdlari 31-daqiqada terma jamoamizning yana bir a’zosi Husayn Norchayev chiroyli tarzda raqib darvozasini ishg‘ol qilib, “Navbahor”ni tanaffusga ustunlik bilan chiqishini ta’minladi.
O‘yinning ikkinchi bo‘limida ham shiddatli raqobat davom etdi, har ikki jamoa o‘yinchilari tashabbusga ega bo‘lish maqsadida oldinga intildi. Ko‘p hollarda himoyachilar va darvozabonlar yaxshi harakat qildi.

Biroq uchrashuvning oxirgi o‘n daqiqasi va qo‘shib berilgan vaqtlarda vaziyat tamomila o‘zgardi. O‘ziga qulay imkoniyatlarni yo‘qqa chiqargan “Navbahor” tayyor g‘alabani boy berdi. So‘nggi lahzalarda “Lochinlar”da zafar quchish uchun qator xavfli vaziyatlar vujudga keldi. Husayn Norchayev va Asadbek Rahimjonovning qulay holatlarda yo‘llagan kuchli zarbalarini raqiblar posboni Javohir Ilyosov qaytarishga erishdi.

Futboldagi “Sen urmasang, senga urishadi”, naqli ushbu uchrashuv oxirida yana bir karra namoyon bo‘ldi. “OKMK” klubining yaponiyalik legioneri Arixiro Sentoku qo‘pol xato qilgan “Navbahor” darvozaboni, terma jamoamiz a’zosi O‘tkir Yusupovning ustidan to‘pni oshirib, 3:2 hisobidagi g‘alaba golini urdi. Shu tariqa, “Navbahor” tarixiy o‘yinida muxlislarga yutuq tortiq etolmadi.
Klub matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “Navbahor” milliy chempionatlar tarixidagi o‘zining 1000-o‘yini davomida hozirga qadar 460 bor g‘alaba qozonib, 220 durang qayd etib, 320-marta mag‘lubiyatga uchragan. Namanganliklar raqiblar darvozasiga 1 ming 601 ta gol urib, o‘z darvozasidan 1 ming 155 ta to‘p o‘tkazib yuborgan va jami 1 ming 600 ochko jamg‘argan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.