Iqtisodiyot rivojining muhim omili
Mamlakatimizda bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan inshootlardan samarali foydalanish, ular negizida ishlab chiqarishni tashkil etish orqali kichik biznesni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan inshootlardan samarali foydalanish, ular negizida ishlab chiqarishni tashkil etish orqali kichik biznesni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Farg‘ona viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.Viloyatda 2006-2015-yillarda 106 davlat mulki obyektini investitsiya kiritish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan “nol” qiymatda sotish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda ularga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish tartibi soddalashtirilgani tadbirkorlarga bir qator qulayliklar yaratmoqda. Prezidentimizning 2014-yil 3-iyuldagi “Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida yangi istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur qarorga muvofiq, 7 davlat mulki obyekti “nol” qiymatda sotilib, 16 loyihaga 27,8 milliard so‘mdan ziyod investitsiya kiritildi. 630 yangi ish o‘rni yaratildi.
Uchko‘prik tumanidagi “Shernazarova Sanobarxon” fermer xo‘jaligi tomonidan poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 685 million so‘mlik investitsiya kiritilib, 30 yangi ish o‘rni yaratildi.
“Fergana uniform tex” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari bugun nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorda ham xaridorgir. Zamonaviy texnologiyalar asosida ishlayotgan korxona joriy yilning o‘zida 300 ming dollar miqdoridagi mahsulotni eksport qilishni rejalashtirgan. Albatta, bu borada istiqbolli biznes loyihaning muhim o‘rni bor. Gap shundaki, korxona Farg‘ona shahridagi sobiq bolalar bog‘chasi binosiga kiritilishi lozim bo‘lgan 1 milliard 100 million so‘m miqdoridagi investitsiya majburiyatini to‘liq bajarib, tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish natijasida 75 yangi ish o‘rni yaratdi.
Farg‘onadagi avtokorxona binosi va unga qarashli inshootlar anchadan beri bo‘sh turgan edi. Shu yil boshida ular investitsiya majburiyati bilan “nol” qiymatda “Asalarichi – 1” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga berildi. Jamiyat a’zolari bu yerda asalarichilar markazi va yangi korxona ochish maqsadida sarmoya kiritib, dastlabki obyektlar qurilishini boshlab yubordi. Hozir asalarining yangi, sermahsul zotlarini yaratish va mahsulotni qadoqlash sexlarini qurish jadal olib borilmoqda.
– Mamlakatimizda tadbirkorlar uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda, – deydi “Asalarichi – 1” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sh.Suyarqulov. – Foydalanilmayotgan hamda qurilishi tugallanmagan davlat mulki obyektlari, bo‘sh yer uchastkalari raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish turlarini tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi daromadlarining o‘sishini ta’minlash uchun kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga investitsiya kiritish sharti bilan sotilayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.
Prezidentimizning shu yil 28-apreldagi “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ham salmoqli ishlar olib borilmoqda. Investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan “nol” xarid qiymatida tanlov asosida sotilishi lozim bo‘lgan 53 davlat mulki, jumladan, qurilishi tugallanmagan obyektlardan 52 tasi o‘tkazilgan tanlov savdolarida o‘z egasini topdi. Natijada yangi mulkdorlar tomonidan 55 milliard so‘mlik investitsiya kiritish va 2 ming 341 ish o‘rni yaratish majburiyati olindi.
Muxtasar aytganda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish, bo‘sh turgan binolarni tadbirkorlik subyektlariga “nol” qiymatda berish orqali yetakchi tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasida viloyat iqtisodiyotida ushbu sektorning ulushi tobora ortmoqda.