Iqtidor va mahorat tanlovi
Yoshlar ijod saroyida Asosiy qonunimiz qabul qilinganining 23-yilligiga bag‘ishlab umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan “Konstitutsiyamiz – baxtimiz poydevori” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar ijod saroyida Asosiy qonunimiz qabul qilinganining 23-yilligiga bag‘ishlab umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan “Konstitutsiyamiz – baxtimiz poydevori” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi va Adliya vazirliklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari D.Kenjayev, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi raisi I.Latipov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida yosh avlodning huquqiy bilim va madaniyatini oshirish, huquqiy ta’limni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan yigit-qizlarni voyaga yetkazish, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ularning faol ishtirokini ta’minlashda Konstitutsiyamiz asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 9-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma uch yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishiga muvofiq “Konstitutsiyamiz – huquq va erkinligimiz kafolati” shiori ostida huquqiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar oyligi e’lon qilingan edi. Oylik doirasida barcha umumta’lim maktablarida Konstitutsiyani o‘rganish, uning mazmun-mohiyatini o‘quvchilar ongiga chuqur singdirishga qaratilgan ko‘rik-tanlovlar, seminarlar, muloqotlar, davra suhbatlari o‘tkazildi. Bosh qomusimizda belgilangan asosiy prinsip va qoidalarning mazmun-mohiyatini o‘quvchilarga yetkazishda, ular o‘z huquq va burchlarini teran anglagan avlod bo‘lib voyaga yetishida “Konstitutsiyamiz – baxtimiz poydevori” ko‘rik-tanlovi katta ahamiyat kasb etmoqda.
O‘quvchilarning Asosiy qonunimizda belgilangan insonparvar, demokratik tamoyillarni insho, tasviriy san’at asarlarida erkin ifodalash qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faolligini kuchaytirish maqsadi ko‘zlangan tanlovning quyi bosqichlarida 4 milliondan ziyod o‘g‘il-qiz qatnashdi.
Tanlovda Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘quvchisi Xumora Saydullayeva insho yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Namangan tumanidagi 22-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Zarifa O‘rinboyeva va Navoiy shahridagi 3-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Ozoda O‘roqova keyingi o‘rinlarni egalladi.
Tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘quvchisi Dildora Abdusalimova birinchi o‘ringa, Buxoro shahridagi 34-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Sherzod Zoirov ikkinchi, Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi 16-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Xosiyat Hayitboyeva uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. G‘oliblar va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.