Iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish
Buxoroda “Iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va qaror qabul qilish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini oshirish” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Unda viloyatdagi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, davlat idoralari, jamoatchilik tashkilotlari mutaxassislari hamda yoshlar qatnashdi.
Iqlim o‘zgarishi hozirgi vaqtda insoniyat oldida turgan eng muhim muammolardan biridir. Global isish, cho‘llanish, iqlim zonalarining o‘zgarishi ekotizimimizga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan iqlim o‘zgarishining oqibatlaridan faqat bir nechtasidir. Iqlim o‘zgarishi sanoatlashtirish, qazib olinadigan yoqilg‘idan foydalanish va o‘rmonlarni kesish kabi inson faoliyati bilan bevosita bog‘liqdir. Iqlim o‘zgarishi sabablarini hal qilish va unga moslashish choralarini ko‘rish kelajak avlodlar uchun atrof-muhit barqarorligini ta’minlash uchun muhim vazifadir.
“Yuksalish” harakati Latviya mahalliy boshqaruv organlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish bo‘yicha barqaror siyosatni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyihaning maqsadi – mahalliy davlat hokimiyati organlari salohiyatini kuchaytirish, iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari bo‘yicha jamoatchilikni xabardor qilish va ularni qarorlar qabul qilish jarayonlariga jalb etishdan iborat.
- Seminar-trening maqsadi iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va qaror qabul qilish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini oshirish hamda ekologik barqarorlikka samarali erishish uchun harakatlarni rag‘batlantirishga qaratilgan, – deydi “Yuksalish” harakati Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari, viloyat Kengashi deputati Hamza Ro‘ziyev. – Trening davomida iqlimshunoslik va iqlim o‘zgarishi asoslari, barqaror kelajakka moslashish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish kabi mavzular ko‘rib chiqildi. Iqlim o‘zgarishiga oid qonun hujjatlari tahlili o‘tkazildi. Ishtirokchilar advokatlik strategiyasi va viloyatdagi iqlim o‘zgarishi ta’sirining ssenariylarini ishlab chiqdi. Shuningdek, mintaqadagi iqlim o‘zgarishi ta’sirining rejalashtirilgan ssenariylari tayyorlandi.
Bundan tashqari, loyiha doirasida maqsadli hududlarda ekologik muammolar, mahalliy iqlim o‘zgarishi va uning xavfini baholash maqsadida ekspertlik monitoringi o‘tkazildi. Natijalar asosida maqsadli hududlar uchun iqlim o‘zgarishiga moslashish rejalari ishlab chiqilmoqda. Joriy yilning 25-29 sentyabr kunlari iqlim o‘zgarish oqibatlarini yumshatish bo‘yicha mamlakat tajribasini o‘rganish uchun Latviyaga tashrif safari amalga oshiriladi. Latviya va O‘zbekiston ekspertlari hamkorligida “Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mahalliy rejalarni ishlab chiqish uchun uslubiy tavsiyalar” qo‘llanmasi o‘zbek va rus tillarida ishlab chiqildi.
[gallery-17508]
Loyiha Latviya Respublikasining tashqi ishlar vazirligining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari