Ipoteka krediti va subsidiya toʻgʻrisida nimalarni bilishimiz kerak?
Fuqarolar ushbu qaror bilan uy-joy olish uchun oʻzlari xohlagan joydagi xususiy qurilish tashkilotlariga murojaat qilishlari mumkin.
Joriy yilning 1-may kuni imzolangan Prezidentimizning “Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yana-da kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori ipoteka krediti asosida aholiga uy-joy berilishi tizimida eng muhim hujjatlardan biri desak adashmagan boʻlamiz.
Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, ipoteka krediti bozorini yana-da rivojlantirish, xususiy pudrat tashkilotlarini uy-joylar qurilishiga keng jalb qilish hamda ularga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Ushbu qaror qabul qilindi.
Yangi joriy etilgan qarorda bilan belgilangan tartiblar orasida ahamiyatga moliklaridan bir – xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan oʻz mablagʻlari va tijorat banklarining kreditlari hisobiga qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat etilganidir.
Shuningdek, ushbu qarorda, 2020-yil 1-maydan boshlab 2022-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslarga xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan kvartiralarni (korobka) birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat berilganligi belgilandi.
Fuqarolar ushbu qaror bilan uy-joy olish uchun oʻzlari xohlagan joydagi xususiy qurilish tashkilotlariga murojaat qilishlari mumkin. Bunda ular oʻrtasida shartnoma tuziladi. Keyin fuqaro tijorat banklariga murojaat qilishi mumkin va ariza hamda boshqa hujjatlarni taqdim etgan holda ipoteka kreditlarini olishlari mumkin boʻladi.
Ipoteka kreditlari miqdori ham oʻzgardi. Bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditlarining eng koʻp miqdorlari qoʻyidagicha belgilandi:
– qishloq joylarida 2 xonali kvartiralar uchun 174 million soʻmdan 240 million soʻmgacha, 3 va undan koʻp xonali kvartiralar uchun 224 million soʻmdan 320 million soʻmgacha;
– shaharlarda 2 xonali kvartiralar uchun 180 million soʻmdan 240 million soʻmgacha, 3 va undan koʻp xonali kvartiralar uchun 232 million soʻmdan 320 million soʻmgacha;
– Toshkent shahrida 2 xonali kvartiralar uchun 198 million soʻmdan 264 million soʻmgacha, 3 va undan koʻp xonali kvartiralar uchun 255 million soʻmdan 352 million soʻmgacha.
Endilikda, birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditlarining eng koʻp miqdorlari belgilandi hamda endi fuqarolar ushbu belgilangan eng koʻp miqdorgacha ipoteka kreditlarini olishlari mumkin boʻladi. Faqatgina ipoteka kreditining eng koʻp miqdorlari belgilandi xolos, bozordagi uy-joylarning narxlarining eng koʻp miqdorlari emas.
Bundan tashqari, yana bir yengillik sifatida ipoteka kredit muddatining uzaytirilishi aytish mumkindir. Shu qatorda, bugunga qadar ajratilgan ipoteka kreditlari muddati 15 yildan 20 yilga qadar uzaytirildi. Yangi tartib bilan, ipoteka kreditining eng kam muddati 15 yil va eng koʻp muddati 20 yil etib belgilandi.
Maʼlumki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi PF–5886-son Farmoniga muvofiq 2020-yil 1-martdan boshlab ayrim shaxslarga, shu jumladan kam taʼminlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlganlarga ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan subsidiyalar toʻlanadi.
Bunday tartib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 28-noyabrda eʼlon qilingan PF-5886-sonli “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilab qoʻyilgan.
Subsidiyalar — daromadi yuqori boʻlmagan shaxslarga ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olishlari uchun boshlangʻich badal yoki kredit foiz toʻlovlarining bir qismini qoplab berish maqsadida davlat byudjetidan qaytarib berilmaydigan mablagʻlardir.
Har bir hududda quriladigan uy-joylar sonidan kelib chiqib, yil davomida ajratiladigan subsidiyalar miqdori haqida Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qurilish vazirligi hamda tegishli hokimliklari tomonidan ommaviy axborot vositalarida maʼlumot beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi PF–5886-son Farmoniga muvofiq 2020-yil 1-martdan boshlab DXMlar yoki my.gov.uz portal orqali fuqarolarga subsidiyalar berish uchun ariza qabul qilish boshlangan. Arizalar 2020-yil 1-oktyabriga qadar qabul qilinadi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xizmatlari markazlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga subsidiya olish uchun ariza beruvchi belgilangan mezonlarga mos kelishini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza beradi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur mablagʻlar faqatgina uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan oilalar, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar va shu toifadagi boshqa Oʻzbekiston fuqarolariga ajratiladi.
Subsidiya oluvchi fuqarolar 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlishi kerak. Agar fuqaro mehnat migranti boʻlganda, uning nomidan oila aʼzolari ham ariza berishi mumkin.
Subsidiya berilishi uchun avvalambor masʼul organlar vakillaridan shakllantirilgan maxsus komissiya ariza beruvchilarga ijtimoiy mezonlar boʻyicha ball beradi.
Masʼul organlar — ichki ishlar boʻlimi, moliya boʻlimi, davlat soliq inspeksiyasi, bandlikka koʻmaklashish markazi, kadastr korxonasi, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi, tuman (shahar) hokimliklari, ishtirok etuvchi tijorat banklari. Bularning hammasi ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni haqqoniy ekanligini tekshirish uchun kerak.
Ijtimoiy mezonlar uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarni aniqlashga xizmat qiladi. Ball toʻplash uchun mezonlarga talabgor va (yoki) uning oilasining daromadi (shahar va qishloq joylari uchun alohida koʻrsatkichlar belgilangan), turar joy maqomi (ijara yoki shaxsiy mulk), ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlganlar (mehnat migrantlari, yetim va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, yolgʻiz ayollar va hokazo), shuningdek, oilada nogironligi mavjud boʻlgan shaxslar inobatga olingan.
Subsidiya olish uchun qanday maʼlumotlarni taqdim etish kerak?
– pasport;
– oila aʼzolarining pasporti va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (toʻliq oila va voyaga yetgan farzandi(lari) boʻlganda) va farzandlarining tugʻilganlik haqidagi guvohnomalari (agar voyaga yetmagan boʻlsa) nusxasi;
– nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh haqiqiy emas deb topilganligi toʻgʻrisidagi sud qarori (nikoh qayd etilgan hollarda) va oilaviy holati toʻgʻrisida FHDYO organlari arxividan maʼlumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan hollarda);
– doimiy propiska joyidan kadastr raqami va turiga tegishli maʼlumotlar;
– doimiy propiska joyidan uy daftarining yoki kvartira kartochkasining (17-shakl boʻyicha) nusxasi;
– ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchilarning daromadi hamda ushlab qolingan daromad soliqlari haqida maʼlumotnoma (qoʻshimcha daromadlar boʻlsa soliq deklaratsiyasi).
Subsidiya olish uchun talabgorlar ijobiy javob olgan taqdirda, fuqaro oʻzining tanloviga koʻra subsidiyani uy-joy sotib olish uchun boshlangʻich badal yoki kredit foiz toʻlovlarining bir qismini qoplashga qaratilgan mablagʻ shaklida olishi mumkin boʻladi.
Shuni alohida taʼkidlab oʻtish kerak, 1-maydan kuchga kirgan qaror bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga 2020-2021-yillar davomida uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarni manzilli qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahalliy byudjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hisobidan Prezidentimizning 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tegishli hudud uchun belgilangan subsidiyalar sonini 1,3 baravarga va summasini 40 foizgacha oshirishga ruxsat berildi.
Bekzod Safarov , Davlat xizmatlari Agentligi
Qashqadaryo viloyat boshqarmasi
boshligʻi oʻrinbosari