Ipoteka bozori: stavkalar noldan 32 foizgacha keng diapazonni tashkil etmoqda
O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasi davlat ijtimoiy siyosati va iqtisodiy islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda ipoteka bozorini rivojlantirish, aholi uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish hamda uy-joy xarid qilish jarayonlarini yengillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda ipoteka bozori nafaqat qurilish sohasi, balki bank-moliya tizimi va aholi farovonligining muhim ko‘rsatkichi sifatida ham namoyon bo‘lmoqda. Bozordagi foiz stavkalari, kredit muddatlari va moliyalashtirish hajmlaridagi o‘zgarishlar aholining uy-joyga bo‘lgan talabini, shuningdek, tijorat banklarining raqobat muhitidagi faolligini yaqqol aks ettiradi.
2026-yilning birinchi choragi yakunlari ipoteka bozorida yangi tendensiyalar shakllanayotganini ko‘rsatdi. Xususan, banklar tomonidan taklif etilayotgan mahsulotlarning tabaqalashuvi, «yashil ipoteka» kabi yangi yo‘nalishlarning rivojlanishi hamda uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyatlarining kengayishi bozorning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat bermoqda.
2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ipoteka bozorida muhim o‘zgarishlar kuzatildi. O‘zbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan ipoteka mahsulotlari turlari kengayib, aholining turli qatlamlari ehtiyojlariga moslashgan holda tabaqalashib bormoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakat ipoteka bozorida foiz stavkalari 0 foizdan 32 foizgacha bo‘lgan keng oraliqda taklif etilmoqda. Bu holat bozorda turli moliyaviy mahsulotlar va dasturlarning mavjudligini anglatadi.

Ayrim qurilish tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarda dastlabki davr uchun 0 foizli imtiyozli shartlar qo‘llanilayotgan bo‘lsa-da, ipoteka kreditlarining asosiy qismi 23–28 foizlik stavka doirasida jamlangan. Bu esa aholining katta qismi aynan mazkur shartlar asosida uy-joy xarid qilayotganini ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda energiya tejamkor texnologiyalarga bo‘lgan qiziqish ortishi munosabati bilan «yashil ipoteka» mahsulotlari ham rivojlanmoqda. Ushbu segmentdagi kreditlar bo‘yicha stavkalar 17–32 foiz oralig‘ida shakllangan bo‘lib, kelgusida mazkur yo‘nalish bozorning muhim drayverlaridan biriga aylanishi mumkin.
Uy-joy narxlarining o‘sishi ipoteka kreditlari miqdoriga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda birlamchi va ikkilamchi bozordan uy-joy xarid qilish uchun ajratilayotgan kreditlar asosan 1–2 milliard so‘mlik diapazonda taklif etilmoqda.
Bozordagi eng yuqori kredit limitlari esa 3,48 milliard so‘mgacha yetib, banklarning yuqori narx segmentidagi uy-joylarni ham moliyalashtirish imkoniyatiga ega ekanini namoyon qilmoqda.
Shu bilan birga, uy-joylarni ta’mirlash uchun ajratilayotgan kreditlar ham aholi orasida talabgir bo‘lib bormoqda. Ushbu segmentda kredit mablag‘lari asosan 100–300 million so‘m oralig‘ida taqdim etilmoqda.
O‘zbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi resurslari hisobidan moliyalashtirilayotgan mahsulotlarda esa kredit miqdorlari nisbatan standartlashgan bo‘lib, 800 million so‘m va 340 million so‘m atrofida shakllangan. Bu esa o‘rta daromadli aholi qatlami uchun qulay moliyaviy yechim sifatida xizmat qilmoqda.
Ipoteka kreditining muddati qarz oluvchining oylik moliyaviy yukini belgilab beruvchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda bozorda 20 yillik ipoteka mahsulotlari ustunlik qilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, mamlakatda faoliyat yuritayotgan 25 ta tijorat bankining 15 tasi aholiga 20 yil muddatga ipoteka kreditlarini taklif etmoqda. Bu holat bank tizimida uzoq muddatli resurslar bazasi shakllanib borayotganini ko‘rsatadi.
Mazkur barqarorlikka O‘zbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi hamda xalqaro moliya institutlari resurslari muhim hissa qo‘shmoqda.
Ekspertlarning fikricha, 2026-yilning birinchi choragi yakunlari ipoteka bozorining tobora raqobatbardosh va diversifikatsiyalashgan tizimga aylanayotganini ko‘rsatdi. Foiz stavkalari, kredit hajmlari va mahsulot turlarining ko‘payishi iste’molchilar uchun keng tanlov imkoniyatini yaratmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi ishtirokidagi ipoteka mahsulotlari bozordagi keskin tebranishlarni yumshatish, standartlashuvni ta’minlash va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Umuman olganda, ipoteka bozorida xususiy kapital ishtirokining ortishi, bank mahsulotlarining diversifikatsiyalashuvi va moliyaviy barqarorlik mexanizmlarining kuchayishi mamlakat uy-joy bozorining kelgusi choraklarda ham izchil o‘sishini ta’minlovchi asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA