“Ipak yo‘lida” filmi Ispaniya kinofestivalida g‘olib bo‘ldi
Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Ipak yo‘lida” qisqa metrajli filmi Ispaniyaning Torrevexa shahrida bo‘lib o‘tgan "SOL" xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi qisqa metrajli film” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Bu haqda Kinematografiya agentligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Ma’lumki, mazkur kinofestivalda dunyo miqyosidagi yosh kinoijodkorlar, talabalar va debyutant rejissyorlarning kinofilmlari saralanib, eng munosiblari mukofotlanadi.
Filmning ssenariy muallifi – Shohjahon Subhonov, postanovkachi rejissyor – Sherzod Nazarov, postanovkachi operator Diyor Ismatov, rassom – Erkin Hushmatov, badiiy rahbar – Ali Hamroyev.
Aytish joizki, “Ipak yo‘lida” qisqa metrajli filmi “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalining bosh sovrini “Gran-Pri” hamda “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida, AQSHning AVFF-2021 (“Asian World Film Festival”) xalqaro kinofestivalida “Osiyoning eng yaxshi qisqa metrajli filmi” nominatsiyasida, shuningdek Qozog‘istonning Almati shahrida bo‘lib o‘tgan “Bastau IFF” xalqaro talabalar va debyutantlar kinofestivalida “Eng yaxshi qisqa metrajli film” yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan.
N.Usmonova, O‘zA