"Ipak va ziravorlar" festivali
Buxoroda joriy yilning 28-30 may kunlari bo‘lib o‘tadigan xalqimizning bebaho merosini dunyoga ko‘z-ko‘z etuvchi an’anaviy “Ipak va ziravorlar” festivaliga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Tarixiy obidalar, go‘zal urf-odat va an’analarni o‘zida mujassam etgan, dunyodagi noyob go‘shalardan biri bo‘lgan ko‘hna va boqiy Buxoro yana mehmonlarni qarshi olmoqda. Festivaldagi mayin ipak matolar jilosi, sharqona va milliy ohanglar jozibasi, hunarmandchilikning boy namunalari har qanday kishini o‘ziga maftun etadi.
Festival doirasida “Mo‘’jizalar karvoni” yurishi, tantanali ochilish marosimi, ipak, ziravorlar ko‘rgazma va yarmarkasi tashkil etiladi. Viloyatlar hamda tumanlar folklor jamoalarining chiqishlari, tasviriy va amaliy san’at milliy galereyasi hamda suratkashlar ko‘rgazmasi, amaliy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladi.
[gallery-2542]
Shuningdek, festival dasturidan milliy va sport o‘yinlari namoyishi, mahalliy va xorijiy dizaynerlar ishtirokidagi modalar namoyishi, illyuzion tomoshalari va gala-konsert, bolalar raqs festivali, O‘zbek milliy simfonik orkestrining konsert dasturi, maqom oqshomi, tantanali yopilish marosimi kabi tadbirlar o‘rin olgan. Ko‘hna zaminga turli xorij davlatlaridan mehmonlar tashrifi kutilmoqda.
Yillar davomida o‘tkazilayotgan an’anaviy festival chinakam madaniyat va san’at bayramiga aylandi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat) O‘zA