“Ipak imperiyasi” tarixiy romani taqdimoti o‘tkazildi
Poytaxtimizdagi “Hampton by Hilton Tashkent” mehmonxonasida “Ipak imperiyasi” tarixiy romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mahalliy va xorijlik mehmonlar qatnashgan ushbu tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur tarixiy asarning mazmun-mohiyatiga alohida urg‘u berdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Akbar Hakimov qalamiga mansub ushbu asar eramizdan avvalgi VI asrdagi real voqelikka asoslangan bo‘lib, unda Xitoy, So‘g‘d, Vizantiya hukmdorlari va imperatorlari, Eftalitlar davlati va Turk xoqonligi hayoti tasvirlangan.
Asar muallifi qayd etganidek, O‘zbekiston qadimdan Buyuk Ipak yo‘lining o‘zagi bo‘lib, G‘arb va Sharq madaniyatida muhim rol o‘ynagan.
– Bizning zaminimiz nafaqat ipak mahsulotlari estafetasi, balki chinakam durdona asarlarini ham yaratgan – mahalliy ipak matolarning yetakchi markazi - Buxoro yaqinidagi Zandana qishlog‘i edi. Asar g‘oyasi tarixiy voqealarga bog‘liq. Umid qilamanki, mening birinchi romanim o‘quvchilarni ilhomlantiradi va buyuk merosimizni yangicha ko‘rinishda ochib berishga imkon beradi, – dedi A.Hakimov.
[gallery-4586]
Asarning mazmunini yanada ochib berishda abstrakt rassom Sanjar Jabborov yaratgan illyustratsiyalar ham alohida o‘rin egallaydi.
–Kitobni bir nafasda o‘qib chiqqanimdan so‘ng, bu qiziqarli tarixiy voqealarni qanday tasvirlashni darhol tasavvur qildim, – dedi rassom. – Illyustratsiyalar nafaqat romanni to‘ldiradi, balki o‘quvchilarni syujetdan xabardor etishga yordam berish bilan birga ularning fantaziyasini uyg‘ota oladi.
“Dinara&Co” kompaniyasi asoschisi Dinara Dultayevaning qayd etishicha, ushbu tarixiy roman O‘zbekistonni jahon xaritasiga joylashtirib, mamlakat xalqlari sivilizatsiyalar tarixida qanday muhim o‘rin tutganini ko‘rsatadi. Bu yerda turli madaniyatlar va davlatlarning o‘zaro bog‘liqligi va o‘zaro ta’siri tasvirlangan.
Tadbir doirasida shuningdek, “VisitUzbekistan” jurnalining qoraqalpoq xalqining urf-odatlari, madaniyati va urf-odatlariga bag‘ishlangan navbatdagi 29-sonining taqdimoti ham o‘tkazildi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA