Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziriga parlament so‘rovi yuboriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida bir qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Qudratovga “Hududlarda chet el investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonlarini monitoring qilish, investitsiyaviy samaradorlikni baholash va investorlar bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlament so‘rovi yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlariga va hududlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni kengroq jalb etish, investorlarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
«Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi qonun bilan mahalliy va chet ellik investorlarning investitsiya faoliyatini amalga oshirishiga, ularning huquqlarini kafolatlashga, investitsiyalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir muhim normalar, shuningdek, investitsiya shartnomalarini tuzishning yagona huquqiy asoslari belgilandi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakat iqtisodiyotiga jalb etilayotgan investitsiyalar hajmi sezilarli darajada oshdi. Jumladan, 2017-2025-yillarda 156,3 mlrd dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan, investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 30 foizdan oshdi. 2026-yilda xorijiy investitsiyalar hajmini 1,6 baravarga oshirib, qariyb 53 mlrd dollarga yetkazish, shuningdek, umumiy qiymati 17,9 mlrd dollar bo‘lgan 303 ta yirik investitsiya loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Ayni paytda investitsiya loyihalarini amalga oshirish va monitoring qilish jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, ushbu mexanizmlarning hududlarda loyihalarni amalga oshirish muddatlariga, investorlar duch kelayotgan muammolarni tezkor aniqlash va hal etishga qay darajada ta’sir ko‘rsatayotganligini baholash muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, 2025-yilda turli tashkiliy muammolar tufayli 50 dan ortiq yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilishi kechikkan. Bu kabi holatlar loyihalarni kuzatib borish va idoralararo muvofiqlashtirish mexanizmlarining amaldagi samaradorligiga alohida e’tibor qaratish zaruriyatini ko‘rsatmoqda.
Sohadagi masalalardan kelib chiqib, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziriga hududlarda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar ijrosini monitoring qilishda qo‘llanilayotgan raqamli vositalar hamda ularning loyihalar ijrosidagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish samaradorligi, maxsus iqtisodiy zonalarni investitsiya, ishlab chiqarish va eksportning yanada samarali markazlariga aylantirish uchun ularning huquqiy asoslariga va boshqaruv modeliga kiritilishi talab etilayotgan institutsional o‘zgarishlar hamda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida tushuntirish berish bo‘yicha parlament so‘rovini yuborish rejalashtirilgan.
Fraksiya yig‘ilishida ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA