Investitsiya loyihalari ko‘paymoqda
Piskent tumani hokimligi va Xitoyning yirik sanoat shaharlari rahbarlari o‘rtasida investitsiya loyihalarini jalb etish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Nodirbek Yakubov, Shandun provinsiyasidagi yirik sanoat shahri bo‘lgan Zibo shahar komiteti raisi janob Ma Xiaolei, Gaoxin shahri meri janob Li Jinjuye, Zhangdianqu shahri meri Guo Qing va boshqa rasmiylar bilan o‘zaro foydali kelishuvlarga erishildi.
Xususan, 5 yildan buyon Piskentda faoliyat yuritayotgan “Zhongtian Silicon Chemical” MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan kon-metallurgiya sohasida qo‘llaniladigan “sionid natriy” mahsuloti ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati 20 million dollarni tashkil etadi. Yillik 20 ming tonna “sionid natriy” ishlab chiqariladi va eksport, ichki bozorga yo‘naltiriladi. Korxona to‘liq quvvat bilan ishga tushgach 200 nafar mahalliy fuqaro uchun yangi ish o‘rni yaratiladi.


Ayni vaqtda korxonada yiliga 6 ming tonna ksantogenat, 4 ming tonna sulfid natriy hamda gidrosulfid mahsulotlari ishlab chiqarilib, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya Federatsiyasiga jo‘natiladi. Muloqotlar davomida xitoylik investorlar bilan investitsiya salohiyatini oshirish va ishlab chiqarish korxonasi faoliyatini kengaytirish yuzasidan shartnomalar imzolangandi.


Hozir Piskent tumanida 1 ming 433 ta ishlab chiqarish korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 184 tasi yirik korxonalardir. 29 ta chet el bilan qo‘shma korxona va 14 ta eksportyor korxona hisobiga tumanning eksport salohiyati tobora ortib bormoqda.
Tuman hokimi Nodirbek Yakubov Xitoy rasmiylari va ishbilarmonlari bilan birga yangi korxona poydevorini qo‘yish marosimida qatnashdi. Buning uchun hududdan bo‘sh turgan bino-inshoot va 3 gektar yer maydoni auksion tanlovi orqali ajratib berildi.



A.Musayev, O‘zA muxbiri