Investitsiya kodeksi ishlab chiqiladi
Joriy yilning 6 oyida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 1,7 milliard dollarni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,5-martaga oshganligi barchamizni quvontiradi.
Joriy yilning 6 oyida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 1,7 milliard dollarni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,5-martaga oshganligi barchamizni quvontiradi.
Biroq, bu borada kelajakda amalga oshirishimiz lozim boʻlgan vazifalarimiz juda koʻp. Jumladan, investitsiya bilan bogʻliq jarayonlarni tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish, investitsion loyihalar ishlab chiqish, yer ajratish va boshqa shu kabilar bilan bogʻliq oʻta muhim masalalarni hal etishni davr taqozo etmoqda.
OʻzLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qoʻmitasi tomonidan “Investitsiya kodeksining mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini oshirishdagi ahamiyati” mavzusida tashkil etilgan tadbirda bu haqda alohida taʼkidlandi.
Tahlillarga koʻra, sohani tartibga solish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining “Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Xorijiy investitsiyalar toʻgʻrisida”gi, “Xorijiy investorlar kafolatlari va huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar, shuningdek, 100 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlardan foydalaniladi.
Tadbirda partiya saylovoldi dasturi loyihasining Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish yoʻnalishida ham bu borada ustuvor vazifalar belgilab olingani taʼkidlab oʻtildi. Xususan, partiya qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk huquq va kafolatlarining ishonchli himoyalanishini taʼminlash, tadbirkorlik rivojlanishi yoʻlidagi barcha toʻsiq va cheklovlarni olib tashlashning istiqbollariga qaratilgan aniq vazifalarni qamrab olgani aytib oʻtildi.
Oʻzbekistonga investitsiya kiritish jarayonida shunchalik koʻp hujjatlar bilan ishlash, ularning har biri bilan alohida tanishib chiqish, investitsiya huquqni qoʻllash jarayonidagi murakkabliklarning mavjudligi investorlarga maʼqul kelmayapti. Shu bilan birga, sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarning oʻzgaruvchanligi, qonunlardagi havolaki normalarning koʻpligi investitsion muhitga salbiy taʼsir koʻrsatib, investorlarning ishonchsizligiga sabab boʻlmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda, investitsiya sohasidagi muammolarni bartaraf etish, qulay investitsion muhit yaratish orqali yalpi ichki mahsulot hajmini oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida investitsiya jarayoni bilan bogʻliq amaldagi qonun va qonunosti hujjatlarni unifikatsiya qilish orqali yangi Investitsiya kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish hozirgi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi.
Shu maqsadda partiya milliy qonunchiligimiz va xalqaro tajribani inobatga olgan holda mahalliy tadbirkorlar va investorlar uchun tushunarli boʻlgan yagona Investitsiya kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish gʻoyasini ilgari surmoqda. Zero, Investitsiya kodeksi – Oʻzbekistonda investitsiya jarayonini tizimli tartibga soluvchi yagona, mukammal va investorlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan hujjat boʻlishi lozim.
Kodeksda davlat investitsiya siyosatining muhim ustuvor yoʻnalishlarini aniq belgilash, investitsiya kiritish jarayonida investorlarga yer uchastkalari, boʻsh binolar ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi bilan bogʻliq masalalarni aniqlashtirish, investorlarga Oʻzbekistonda yashash huquqini berish bilan bogʻliq masalalarni aks ettirish, maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari maqomini aniq belgilash, valyuta operatsiyalaridagi ustuvorlik va erkinliklarni koʻzda tutish, investitsiya kiritganlik uchun imtiyozlarni qoʻllash qoidalarini aniq belgilash kabi muhim yoʻnalishlar nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga investitsiya loyihalarini joylashtirishda hududlarning salohiyatini, xom-ashyo, mehnat resurslarini hisobga olgan holda taqsimlash tamoyiliga qatʼiy rioya etishga ham alohida eʼtibor qaratiladi.
Tadbir davomida shu va boshqa masalalarga ham alohida eʼtibor qaratilib, ishlab chiqilayotgan Investitsiya kodeksiga zarur taklif va tavsiyalar berildi.