Intensiv bog‘lar – ma’murchilik omili
Bugun bozorlarimizni aylangan kishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining serobligini ko‘rib ko‘zi quvnaydi. Saxovatli zaminimizda yetishtirilgan sarxil mevalar o‘zining ta’mi, to‘yimliligi va foydali vitaminlarga boyligi bilan ajralib turadi.
Bugun bozorlarimizni aylangan kishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining serobligini ko‘rib ko‘zi quvnaydi. Saxovatli zaminimizda yetishtirilgan sarxil mevalar o‘zining ta’mi, to‘yimliligi va foydali vitaminlarga boyligi bilan ajralib turadi.Albatta, bu ma’murchilik Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini iqtisodiy rentabelli tarmoqqa aylantirish, hosildorlikni oshirish, aholining meva-sabzavot, uzum va boshqa mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash borasidagi keng ko‘lamli chora-tadbirlar samarasidir.
Davlatimiz rahbarining 2006-yil 9-yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. Ushbu hujjatga asosan, meva-sabzavot va uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga qator imtiyozlar berilgani fermerlarda mulkka egalik hissini kuchaytirib, ilg‘or tajribalarni keng joriy etish va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.
Farg‘ona viloyati sohibkorlari bog‘dorchilikni rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda ilg‘or usullardan foydalanmoqda. Keyingi uch yilda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida 700 gektardan ziyod maydonda intensiv bog‘lar barpo etilgani fikrimiz dalilidir.
Farg‘ona tumanidagi “Fargona fresh Frukt” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2011-yilda 34 gektar yerda intensiv bog‘ tashkil etdi. Bog‘ning 26 gektarida 37 ming tup “Golden delicoks”, “Simirenko”, “Xomposh” kabi olma, qolgan 8 gektarida 16 ming tup nok parvarishlanmoqda.
– Intensiv bog‘ ko‘chatlari tanasi kichik bo‘lgani bois ishlov berish oson, – deydi bog‘bon Bahodir Jalolov. – Daraxt tanasiga yorug‘lik yaxshi tushishi natijasida mevaning sifati yuqori bo‘ladi. Oddiy bog‘da yetishtiriladigan ko‘chat besh-olti yilda hosilga kirsa, bu yerda ikki yilda nishona ko‘rsatib, uchinchi yili sifatli va mo‘l hosil beradi. To‘rtinchi-beshinchi yildan boshlab intensiv bog‘ning har gektaridan 40-60 tonnagacha hosil olish mumkin.
2013-2014-yillarda intensiv bog‘da yetishtirilgan olmadan 120 tonna hosil olinib, asosan ichki bozorga, shuningdek, mevani qayta ishlash korxonalariga yetkazib berildi. Olingan daromad 190 million so‘mni tashkil etdi. Buning natijasida 15 yangi ishchi o‘rni yaratildi.
– Bog‘da yetishtirilayotgan mevalarni kelgusida xorijga eksport qilishni rejalashtirganmiz, – deydi “Fargona fresh Frukt” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sobirjon Malikov. – Olma hosildorligi yildan-yilga ortib, ko‘zlangan samarani bermoqda. Hozir aholi uchun meva ko‘chatlari yetkazib berishni ham yo‘lga qo‘ydik. Joriy yilda ana shu maqsadda 6 ming tup olma ko‘chati yetishtirildi.
Intensiv bog‘lar tezpishar, tejamkor hamda serhosilligi bilan bog‘bonlar e’tiborini tortmoqda. Ulardan unumli foydalanish esa tarmoqni rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.