Intellektual mulk – tadbirkorlik faoliyatining kelajagi
Hozirgi global taraqqiyot va axborot almashinuvining yuqori tezlikdagi rivojida intellektual mulk to‘g‘risidagi qonunchilik normalari tadbirkorlik faoliyatining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan.
Zero, oxirgi yillarda tadbirkorlik faoliyati rivoji bevosita aynan raqamli texnologiyalar va internet tarmog‘ida keng taraqqiy etayotganligi bilan xarakterlidir. Agarda ilgari intellektual mulkning tadbirkorlik faoliyatida qo‘llanilishi biznes vakili tomonidan o‘z tovar va xizmatlarini keng ommaga tanitish va ushbu “brendi” orqali iste’molchilarni o‘ziga jalb qilish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ushbu holat aksincha tus olgan. Intellektual mulk ob’ektlarining o‘zi, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan tovar belgisi (xizmat belgisi)ning o‘zi mustaqil mulkiy qiymatga ega bo‘lib turibdi.
Bugunga kelib, tadbirkorlik sub’ektlari intellektual mulk orqali nafaqat o‘z biznes faoliyatini yuritishi, balki uning orqasidan daromad ham olishi mumkinligini anglab yetishmoqda. Xususan, Brand Finance konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Apple” tovar belgisi jahondagi eng qimmat deb topildi. Tahlilchilar tomonidan Apple kompaniyasining brendi 263,3 milliard AQSH dollariga baholandi. Shuni ta’kidlash lozimki, Apple brendi 2018-2019 yillarda ushbu ro‘yxatda yetakchilik qilgan onlayn internet bozor Amazon tovar belgisidan so‘ng 200 milliardlik chegarani kesib o‘tgan ikkinchi kompaniyaga aylandi. Agarda 5 yil ilgari kompaniya brendi 145,9 milliard AQSH dollariga baholangan bo‘lsa, bugungi kunga kelib uning bahosi deyarli ikki barobarga oshgan. Ushbu ro‘yxatda keyingi o‘rinlarni Amazon (254,2 mlrd), Google (191,2 milliard), Microsoft (140,43 milliard), Samsung (102,6 milliard), Walmart (93,1 milliard), Facebook (81,4 milliard), ICBC (Industrial and Commercial Bank of China, 72,7 milliard dollar) egallagan.
Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda ham tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlari yuzasidan intellektual mulk sohasida misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “biznes instituti” vakillarining tovar va xizmatlarini tashqi bozorlarga olib chiqish hamda ular brendlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga keng jalb qilish maqsadida qilinayotgan jarayonlarni bunga misol sifatida keltirish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020 yil 12 oktyabrda intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ham bir qator masalalar qatori patent egalarini tadbirkorlar bilan bog‘lash, tadbirkorlar uchun intellektual mulkni yaratish va himoya qilish bo‘yicha o‘quv-kurslar tashkillashtirish, tadbirkorlar mahsulotlarini brendga aylantirish dasturi va elektron maydonchasini ishlab chiqib, hududlarda brendlar yarmarkasi o‘tkazish kabi muhim vazifalar amalga oshirilishi lozimligi aytib o‘tildi.
Mazkur topshiriqlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan davlat dasturi ijrosi yuzasidan joriy yil 28 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarordan intellektual mulk ob’ektlari ekspertizasini tashkil etishning tezkor usullarini qo‘llash, tadbirkorlik sub’ektlari va ixtirochilar uchun zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda tashkiliy ishlarni amalga oshirish, shuningdek, intellektual mulk ob’ektlarini tijoratlashtirish, sohada ta’lim bilan bog‘liq islohotlarni amalga oshirish kabi muhim masalalar o‘rin olgan.
Intellektual mulk sohasidagi huquqiy bilimlarni oshirish va ta’lim jarayonlarini yo‘lga qo‘yish tashabbusi albatta muhim zaruriyatga ega. Zero, ko‘plab tadbirkorlik sub’ektlari (kompaniya, firma, korxona) o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishda intellektual mulk huquqi nuqtai nazaridan bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yishi kelgusida ularning faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bu kabi kamchiliklar korxona tomonidan yaratiladigan turli intellektual mulk ob’ektlarining egasini belgilash, ro‘yxatdan o‘tkazishni vaqtida amalga oshirish kabi turli jihatlarda ko‘rinishi mumkin. Bundan tashqari, tegishli davlat organlari mutaxassislarining ushbu yo‘nalishdagi huquqiy bilim va tushunchalarini shakllantirish va oshirish muhim ahamiyatga ega.
Shu sababli ham 2020 yilning noyabr oyida davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining sohaga oid kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi. Shuni ta’kidlash kerakki, ilk marotaba keng qamrovda tashkillashtirilgan ushbu mashg‘ulotlarga davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining 100 nafarga yaqin mutaxassisi jalb etildi.
So‘nggi yillardagi tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, nomoddiy, xususan, intellektual mulk ob’ektlarining insoniyat ijtimoiy hayotida tutgan o‘rni oshib bormoqda. Shu sababli ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqoridagi hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi qarorlari bilan tasdiqlangan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, endilikda mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarga xorijiy vakolatli organlarda mahalliy mahsulotlar va brendlarni (shuningdek, geografik ko‘rsatkichlar) ro‘yxatdan o‘tkazishda bir qator imtiyozlar berildi. Yuqoridagilarga ko‘ra:
- 2025 yil 1 yanvarga qadar milliy eksport qiluvchilar tomonidan chet elda tovar kelib chiqqan joy nomlari (geografik ko‘rsatkichlar)ni ro‘yxatga olish bo‘yicha qilinadigan sarf-xarajatlar Intellektual mulk agentligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplanadi;
- eksport ulushi umumiy tovar aylanmasining 60 foizidan ortig‘ini tashkil etadigan eksport qiluvchi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari uchun tovar belgilarini 2021-2022 yillarda milliy ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi;
- tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida tovar belgisi (xizmat ko‘rsatish belgisi)ni ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazish targ‘ib qilinadi;
- eksport qiluvchi tashkilotlarga xorijiy vakolatli organlarda mahalliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘nalishida – 100 foiz, lekin bir eksport qiluvchi tashkilot uchun 10 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda moliyaviy yordam ko‘rsatilishi belgilandi.
Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu berilayotgan imtiyozlardan mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari yuqori darajada foydalanishi lozim. Zero, har qanday davlatda ham tadbirkorlik sub’ektlarining o‘z intellektual mulk ob’ektlari muhofazasi yo‘nalishida moddiy qo‘llab-quvvatlashga bu kabi e’tibor qaratilavermaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 yanvardagi “Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida esa bevosita tadbirkor yoki ixtirochi tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar davlat tomonidan rag‘batlantirilmoqda.
Yuqoridagi qaror normalari davlat va xususiy sektorda keng targ‘ib qilinishi, ushbu vazifalarni bajarish yuzasidan onlayn xizmatlarning yanada takomillashtirilishi hamda Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari faoliyatlarini jadallashtirish lozim.
Shuningdek, kelgusida intellektual mulk ob’ektlari muhofazasini to‘laqonli ta’minlash va undan samarali foydalanish maqsadida mualliflik huquqida mediatsiya instituti, mulkiy huquqlarni jamoaviy boshqarish instituti, bank kreditlarini olishda intellektual mulk ob’ektlaridan garov sifatida foydalanish kabi turli jihatlarni o‘rganish lozim.
Abdumo‘min Yuldashov,
TDYUU Intellektual mulk huquqi kafedrasi
katta o‘qituvchisi, yu.f.f.d (PhD)