Integratsiyalashgan AES qanday afzalliklarga ega? (+video)
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari mamlakatimizda atom elektr stansiyasining birinchi energiya bloki qurilishiga start berdi.
Shu munosabat bilan Jizzax viloyati Forish tumanida tantanali tadbir tashkil etildi. Unda “O‘zatom” agentligi, “Rosatom” davlat korporatsiyasi, Xalqaro atom energiyasi agentligi mas’ullari, soha mutaxassislari, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarning mazkur loyihaning ahamiyati va istiqbollari haqidagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.
Azim Ahmedxo‘jayev – “O‘zatom” agentligi direktori:
– Mazkur loyiha O‘zbekiston energetika tizimini yanada diversifikatsiya qilish, aholini barqaror va ekologik toza energiya bilan ta’minlash hamda mamlakatning energetik xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, atom energetikasi sohasining rivojlanishi yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va mamlakat sanoat salohiyatini oshirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasi amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, ikkita yirik va ikkita kichik reaktor bir hududda joylashtirilib, elektr energiyasini uzluksiz ishlab chiqarish ta’minlanadi.
Imzolangan shartnomaga muvofiq, loyihaning bazaviy (umumiy) qiymati 9,5 milliard dollarni tashkil etadi. Moliyalashtirish manbalari yuzasidan yaqin vaqtlarda BRIKSning Yangi taraqqiyot banki bilan muzokaralar olib boriladi. Shuningdek, boshqa xalqaro moliyaviy institutlar va hamkor davlatlar bilan ham muloqotlar davom etmoqda. Loyihani moliyalashtirishda mahalliy mablag‘lar ham ishtirok etadi, biroq asosiy qismi kredit resurslari hisobiga qoplanishi rejalashtirilgan. Jumladan, mablag‘larning 85-90 foizini tashqi moliyaviy manbalardan jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Xalqaro hamkorlar va konsalting kompaniyalari ishtirokida o‘tkazilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur loyihaga kiritiladigan investitsiyalar uzoq muddatli istiqbolda mamlakat iqtisodiyotiga 165 milliard dollardan ortiq iqtisodiy samara keltirishi kutilmoqda. Shu jihatdan u yuqori samaradorlikka ega strategik tashabbus hisoblanadi.
Shu bilan birga, loyihani amalga oshirish jarayonida mahalliylashtirish darajasini 30 foizgacha yetkazish rejalashtirilgan.
Rafael Grossi – Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori:
– Bu, avvalo, O‘zbekiston uchun muhim voqeadir. Chunki mamlakatda ilk bor atom energetikasi loyihasi amalga oshirilmoqda. Uning o‘ziga xosligi shundaki, loyiha kichik va yirik quvvatli reaktorlarni birlashtiradi. Shuningdek, u dunyodagi yetakchi texnologiya yetkazib beruvchilardan biri bo‘lgan “Rosatom” bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Menimcha, bu juda samarali va istiqbolli hamkorlik namunasidir.
Xalqaro atom energiyasi agentligi uchun eng muhim jihat loyihaning xavfsizlik, muhofaza va yadroviy qurol tarqatmaslik bo‘yicha xalqaro talablarga to‘liq rioya etgan holda amalga oshirilishidir. Bu yondashuv “Rosatom” tomonidan turli davlatlarda amalga oshirilgan loyihalarda ham o‘z tasdig‘ini topgan.
Biz O‘zbekistonni uzoq yillardan buyon qo‘llab-quvvatlab kelamiz. Chunki atom elektr stansiyasini qurish va uni samarali boshqarish uchun zamonaviy infratuzilma, mustaqil va yuqori malakali yadroviy nazorat organi hamda davlat rahbariyatining qat’iy siyosiy irodasi talab etiladi.
Yurtingizda ana shu omillarning barchasi mavjud. Shu bois mazkur loyiha juda dolzarb va o‘z vaqtida boshlanmoqda, deb hisoblayman. Bugungi kunda atom energetikasiga qiziqish butun dunyo bo‘ylab ortib boryapti. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning energetika manbalarini diversifikatsiya qilish va ular tarkibiga atom energetikasini kiritish haqida qaror qabul qilgani tabiiy holdir.
Bugun ushbu loyihaga ikki davlat Prezidentlari rasman start berdi. Ishonchim komilki, bu sana tarixda muhim voqea sifatida muhrlanadi.
Pavel Bezrukov – O‘zbekistondagi AES qurilishi loyihasi direktori:
– Bugun biz tarixiy voqeaning guvohi bo‘ldik. Ayni paytda dunyoda ilk bor barpo etilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining poydevoriga birinchi beton quyildi.
Integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi har biri 55 megavatt quvvatga ega bo‘lgan ikkita kichik energoblok hamda har biri 1000 megavatt quvvatli ikkita yirik energoblokdan tashkil topadi. Bu yechim kichik quvvatli bloklar orqali tizimning moslashuvchanligini yirik quvvatli bloklar hisobidan esa barqaror elektr energiyasi ishlab chiqarishni ta’minlaydi.
Mazkur loyiha kichik va yirik quvvatli atom energetikasining eng yaxshi jihatlarini o‘zida mujassam etgan noyob yechim hisoblanadi. Energobloklar doimiy ravishda bir vaqtning o‘zida ishlaydi. Biroq elektr tarmog‘idagi yuklama o‘zgarganda, kichik quvvatli bloklarning ish rejimi moslashtiriladi. Natijada tarmoqdagi yuklama va elektr toki chastotasining barqarorligi ta’minlanadi.
Bu atom energetikasi sohasida qo‘llanilayotgan yana bir innovatsion yechimdir. Shuningdek, loyihada quruq sovitish minoralaridan foydalaniladi. Ushbu texnologiya deyarli qo‘shimcha suv talab qilmaydi va stansiya ehtiyojlari uchun respublika suv resurslaridan foydalanish zaruratini sezilarli darajada kamaytiradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6nQbV4S4_7A" title="Pavel Bezrukov – O`zbekistondagi AES qurilishi loyihasi direktori:" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva,
Abdujalol Qayumov,
Doniyor Yoqubov (video),
Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA