Institutda xalqaro qizlar kuni nishonlandi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan “Dunyoni tinchlik va ezgulikka ilhomlantiramiz!” mavzusida uchrashuv kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ishtirokchilari va mehmonlar dastlab institut xotin-qizlar maslahat kengashi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishdi. Iqtidorli talaba-yoshlarning tasviriy san’at va musiqa ijrochiligi bo‘yicha mahoratiga yuqori baho berdi.

Uchrashuvda institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sayyora Bekchanova so‘zga chiqib, qizlar o‘rtasida ijtimoiy faollikni oshirish, ularni ilm-fan, ta’lim, madaniyat va sport sohalarida qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularni salbiy ijtimoiy illatlardan himoya qilish masalalariga to‘xtaldi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, oliy o‘quv yurtlarining xotin-qizlar maslahat kengashlari vakillari qizlarning bugungi jamiyatdagi o‘rni, ularning yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishida ta’lim muassasalarining roli haqida fikr bildirishdi.

Tadbir doirasida ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan olima, doktorant, magistrant va talaba qizlar so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi va davlat boshqaruvidagi rolini oshirish, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida so‘zlab berishdi.

Uchrashuv kechasida faol talabalar va xotin-qizlar maslahat kengashi a’zolariga faxriy yorliqlar topshirildi.
Tadbir iqtidorli qizlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri