Inspeksiya jamoasi — "Rahbar kubogi – 2026" g‘olibi!
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan tizim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jamoaviy birdamlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan an’anaviy "Rahbar kubogi – 2026" sport musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Mazkur nufuzli turnirda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning guruh bosqichlaridanoq yuqori tayyorgarlik va matonat namoyish etgan inspeksiya jamoasi barcha raqiblarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. Ayniqsa, yarim final bahsida Standartlar instituti jamoasi ustidan qozonilgan 3:1 hisobidagi ishonchli g‘alaba ularni bosh sovrin sari yaqinlashtirdi.

Hal qiluvchi final uchrashuvi Metrologiya instituti jamoasiga qarshi kechib, o‘yin o‘ta keskin va murosasiz ruhda o‘tdi. Shunga qaramay, maydonda to‘liq ustunlik qilgan inspeksiya vakillari raqib darvozasiga javobsiz uchta gol yo‘llab (3:0), chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi.
Tantanali yopilish marosimida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbari Akmal Jumanazarov ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlarni samimiy qutladi.

Musobaqa yakunida chempion jamoaga maxsus kubok, sertifikatlar va qimmatbaho esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Jamoaning ushbu muvaffaqiyati nafaqat sport sohasida, balki kasbiy faoliyatdagi ahillikning ham yorqin namunasi bo‘ldi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA