"Inson"ning yordami bilan Gulchehra o‘z yo‘lini topdi (+video)
Yolg‘iz, hech qayerda ishlamaydigan, uning ustiga nogironligi bo‘lgan farzandi bor ayol uchun har bir o‘tayotgan kun og‘ir sinov. Buni Boyovut tumanining Yangi avlod mahallasida istiqomat qilayotgan Gulchehra Xodjamuratova yaxshi biladi.
Turmush qurdi, farzandli ham bo‘ldi. Ammo ro‘zg‘orimga uch-to‘rt so‘m topib kelay degancha chiqib ketgan turmush o‘rtog‘i bedarak ketdi. Bu esa uning bir muammosiga o‘n muammo qo‘shdi. Ana shu sabab ruhiy tushkunlikka tushib, hayotdan, yashashdan umidini uzib qo‘ygandi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi va joylarda "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilib, har bitta mahallada ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani Gulchehra Xodjamuratova singari qiyinchilikka duch kelgan, og‘ir vaziyatga tushib qolgan kishilarda umid paydo qildi.
O‘g‘li Firdavs ham doimiy ravishda davolanishda, dori-darmonga muhtojligi bor. Uning bu holati "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi va mahalladagi kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi xodim e’tiboridan chetda qolmadi.
– Bu ayolning oilaviy sharoiti og‘irligini ko‘rib, 2024 yilning noyabr oyida "keys menejment" amaliyoti asosida ijtimoiy xizmatlar biriktirdik. Sirdaryo tumanida joylashgan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun yordamchi 71-sonli maktab-internatda ta’lim olayotgan, uyidan va boquvchisidan uzoqdaligi bois, ruhiy tushkunlikka tushib qolgan farzandiga yordam berish, ko‘maklashish maqsadida psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi asosida uy ta’limiga oldik, – deydi ijtimoiy xodim Sayyora Mamatqulova. – Bundan tashqari, bedarak yo‘qolgan turmush o‘rtog‘ini topishga ko‘maklashish maqsadida markazimizning huquqiy masalalarda ekspert maslahatchisini biriktirdik. Ayni vaqtda esa uning turmush o‘rtog‘i bedarak yo‘qolganligi holatini tasdiqlatish uchun sudga hujjat topshirilgan. Shuningdek, "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi doirasida oilaga biriktirilgan mas’ul tashkilot ko‘magi bilan tikuv mashinasi olib berildi.Quvonarlisi, bu yordamlarimiz sabab, uning va farzandining ijtimoiy moslashuvchanligi ancha yaxshilandi. Ayol o‘z xonadonida buyurtma asosida parda, kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak tikishni yo‘lga qo‘ydi. Farzandining davolanishi, kunlik dori-darmon uchun ketadigan xarajatni esa "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan qoplaydigan bo‘ldik.
[gallery-21722]
– O‘zim va ikki nafar farzandim bilan alohida bo‘lib chiqqunimizga qadar uchta ro‘zg‘or bir bo‘lib, turmush o‘rtog‘imning ota hovlisida turardik,– deydi Gulchehra Xodjamuratova. –Xullas, boquvchimning bedarak ketgani sabab malomatga qolgan kunlarim ham ko‘p bo‘ldi. Alohida ajralib chiqdim, ammo hech qayerda ishlamaydigan, nogironligi bor farzandi bo‘lgan ayol uchun juda qiyin ekan. Mahalla kayvonilari hol-ahvol so‘rab, yonginamizda joylashgan 55-sonli umumta’lim maktabiga texnik xodim qilib ishga joylashtirib qo‘ydi. Xudoga shukr, ko‘p emasu, qora qozonni qaynatishga yetadi. Qolaversa, tuman "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi yordami bilan tikuv mashinali bo‘lib, tikuv-bichuv ishlarini qilib, farzandlarimni boqyapman.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kZ5uX_A2bzQ" title="“Inson”ning yordami bilan Gulchehra oʻz yoʻlini topdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Bugun u ancha xotirjam. 9 yillik ruhiy tushkunlik, kuchli siqilishi bartaraf bo‘lgan. Qiynalganga qo‘l uzatadigan, og‘ir kunda yordam beradigan yurtda yashayotganidan xursand bo‘lib, o‘tayotgan har bir kuniga shukrona aytib o‘tiribdi.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat, video),
O‘zA muxbirlari