Insonning imkoniyatlari cheksizdir
Inson uchun nafaqat kasbiy malaka va mahoratni oshirish, karerada yuksalish, balki sport, badiiy ijodiyot kabi sohalarda ham yangi cho‘qqilarni zabt etish uchun vaqt va imkoniyat mavjud.
Bugun mamlakatimizda har bir hamyurtimizning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Samarqand Amaliyot bank xizmatlari markazi xodimi Dinora Xudoyberdiyeva polo sporti bo‘yicha o‘tkazilgan saralash musobaqasida 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning respublika bosqichida ham Dinora o‘z jamoasi bilan muvaffaqiyatli ishtirok etib, boshqa viloyatlar jamoalarini mag‘lub etdi va O‘zbekiston chempioni degan sharafli unvonga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, yuqori sport natijalari uchun unga “Sport ustasi” unvoni ham berildi.
Joriy yilning may oyida mamlakatimizda o‘tkazilgan polo musobaqasida Samarqand jamoasining O‘zbekiston chempioni bo‘lgani alohida e’tiborg loyiq.

Jamoa a’zosi Dinora Xudoyberdiyeva bundan avval ham qator yutuqlarga erishgan. Jumladan, u “Olima ayol”, “Eng yaxshi innovatsion g‘oya muallifi”, “Yil talabasi” tanlovlari, shuningdek, “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni va startap loyihalar tanlovi g‘olibasi hisoblanadi.

Turli startap g‘oyalari bilan tanlovlarda ishtirok etib kelayotgan Dinoraning 65 million so‘mlik innovatsion g‘oyasi moliyalashtirilgani ham ahamiyatlidir.
Hozirgi kunda bank vakillaridan iborat sportchilar jamoasi Dubay shahrida bo‘lib o‘tadigan musobaqaga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
N.Usmonova, O‘zA