Inson va intellekt: Cheksizlik ostonasidagi suhbat
Sun’iy intellekt bugun hayotimizga faol kirib kelmoqda. Uning insoniyat, jamiyat hayotidagi ahamiyati qanday? Barqaror rivojlanish markazi direktori Elyorjon Saminov bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

– Bugun insoniyat tarixidagi eng tez tarqalayotgan texnologiya aynan sun’iy intellekt bo‘lib qolmoqda, – dedi Elyorjon Saminov. – Hisobotlarga ko‘ra, AI internetdan ham tezroq ommalashmoqda. So‘nggi uch yil ichida dunyo bo‘yicha 1,2 milliarddan ortiq inson AI platformalaridan foydalangani bu jarayonning qanchalik ulkan ko‘lamga chiqqanini ko‘rsatadi. Kechagina fantastika bo‘lib tuyulgan texnologiyalar bugun kundalik hayotning oddiy qismiga aylandi. ChatGPT kabi generativ AI tizimlari, tibbiy diagnostika algoritmlari, avtomatlashtirilgan tarjimonlar va AI-analitika platformalari insonning kundalik faoliyatiga chuqur kirib bormoqda.
Biz g‘oyat nozik va mas’uliyatli davrga kirib keldik. Bu — inson o‘z aqlining raqamli aksini yaratayotgan davr. Birlashgan Millatlar Tashkilotining rivojlanish dasturi — United Nations Development Programme tomonidan e’lon qilingan “People and Possibilities in the Age of AI” hisobotida ta’kidlanganidek, insoniyat nafaqat texnologiyalar asrida, balki “insoniy salohiyatning yangi chegaralari” ochilayotgan zamonda yashamoqda. Endi sun’iy intellekt oddiy dastur yoki texnik vosita emas — u iqtisodiyot, siyosat, ta’lim, tibbiyot va hatto inson tafakkuri bilan bog‘liq yangi voqelikka aylandi.
Kechagina fantastika bo‘lib tuyulgan jarayonlar bugun hayot haqiqatiga aylandi. Algoritmlar matn yozmoqda, inson nutqini anglamoqda, tashxis qo‘ymoqda, tahlil qilmoqda, hatto qaror qabul qilish jarayonlariga ham aralashmoqda. Bir paytlar inson fikri qog‘ozga tushirilgan bo‘lsa, bugun u kodga aylanmoqda. Siyoh o‘rnini ma’lumotlar, kitob o‘rnini raqamli platformalar, arxiv o‘rnini bulutli xotiralar egallamoqda.
Ammo bu jarayon faqat texnologiya taraqqiyoti bilan cheklanmaydi. U dunyo iqtisodiyoti va geosiyosatini ham o‘zgartirmoqda. United Nations Conference on Trade and Development prognozlariga ko‘ra, 2033-yilga borib AI global bozori 4,8 trillion dollarga yetadi. Bu Germaniya iqtisodiyoti hajmiga teng ko‘rsatkichdir. Asosiy o‘sish bulutli texnologiyalar, data-markazlar, generative AI va kiberxavfsizlik sohalarida kuzatilmoqda. Bugun AQSH va Xitoy dunyodagi AI hisoblash quvvatining taxminan 86 foizini nazorat qilmoqda. Bu esa sun’iy intellekt oddiy texnologiya emas, balki geosiyosiy kuchga aylanayotganini anglatadi.
Ammo taraqqiyotning eng muhim savoli ham aynan shu yerda tug‘iladi: texnologiya kimga xizmat qiladi?
“Technology and Innovation Report 2025” hisobotida “Inclusive Artificial Intelligence for Development” — “Inklyuziv sun’iy intellekt” g‘oyasi asosiy tamoyil sifatida ilgari suriladi. Bu g‘oyaning mohiyati shundaki, sun’iy intellekt faqat texnologik gigantlar yoki boy davlatlar qo‘lidagi qurol bo‘lib qolmasligi kerak. U dunyoning eng chekka qishlog‘iga ham, imkoniyati cheklangan insonga ham, rivojlanayotgan mamlakatlarga ham xizmat qilishi lozim. Chunki kelajakda boylik neft yoki oltin bilan emas, balki ma’lumot, innovatsiya va intellektual kapital bilan o‘lchanadi.
Bugun dunyo yangi raqamli poyga ichida yashamoqda. Kimda kuchli AI infratuzilmasi, katta ma’lumotlar bazasi va raqamli kadrlar bo‘lsa, ertangi iqtisodiy ustunlik ham o‘sha davlat qo‘lida bo‘ladi. Hisobotlarga ko‘ra, kelajakda davlatlar “sun’iy intellekt yaratuvchilari” va “sun’iy intellekt iste’molchilari”ga bo‘linishi mumkin.
Bu esa insoniyatni yana bir xavf — raqamli tengsizlik bilan yuzlashtirmoqda. Hozir dunyoda qariyb 4 milliard inson AI ekotizimida to‘liq ishtirok eta olmaydi. Sabab — internet, elektr energiyasi va raqamli ta’lim imkoniyatlarining cheklangani. Yuqori daromadli davlatlarda AI adoption darajasi 23 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, past va o‘rta daromadli mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 13 foiz atrofida qolmoqda. UNDP bu jarayonni “The Next Great Divergence” — “Yangi katta tafovut” deb atamoqda.
Rivojlangan davlatlarda algoritmlar iqtisodiyotni boshqarayotgan bir paytda, ayrim mamlakatlarda hali ham internetga to‘liq kirish imkoni cheklangan. Ba’zi yurtlarda bolalar robototexnika o‘rganayotgan bo‘lsa, boshqa hududlarda oddiy raqamli savodxonlik ham muammo bo‘lib qolmoqda. Demak, XXI asrning yangi ijtimoiy muammosi — texnologiyaga teng kirish imkoniyati.
Shu nuqtada insonning o‘zi haqidagi savol yana kun tartibiga chiqadi. Sun’iy intellekt hisoblaydi, ammo his qila olmaydi. U tahlil qiladi. Lekin vijdon azobini sezmaydi. U yozadi, ammo sog‘inish nimaligini bilmaydi.
Protsessor qanchalik tez ishlamasin, u ona mehrini, inson dardini yoki ijodiy ilhomni to‘liq anglay olmaydi. Insonning takrorlanmasligi ham ana shunda — uning ma’naviyatida.
Shu bois BMT hisobotlarida raqamli rivojlanish masalasi inson kapitali bilan chambarchas bog‘lanadi. Asosiysi insonni mashina bilan almashtirish emas, balki inson imkoniyatlarini kengaytirishdir. Mashina hisoblaydi, inson esa ma’no beradi.
Haqiqat shundaki, sun’iy intellekt millionlab ish o‘rinlarini o‘zgartirishi mumkin. Ayrim kasblar yo‘qoladi, yangi sohalar paydo bo‘ladi. UNDP tadqiqotlariga ko‘ra, dunyo aholisining qariyb yarmining ishi avtomatlashishi mumkin. Biroq 60 foiz inson AI yangi ish o‘rinlari yaratadi, deb ishonadi. Faqat 13 foiz odamgina AI ishsizlikni kuchaytirishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Bu esa insoniyat AIni raqib emas, balki imkoniyat sifatida qabul qila boshlaganini ko‘rsatadi.
Endi dunyoga jismoniy mehnatdan ko‘ra analitik fikrlash, raqamli savodxonlik va ijodiy tafakkur kerak bo‘ladi. XXI asrning eng qimmat boyligi — bilim.
2025-yilgi Human Development Report hisoboti yana bir xavotirli tendensiyani ko‘rsatdi: pandemiyadan keyin inson taraqqiyoti o‘sishi keskin sekinlashgan va 2024–2025-yillarda global inson taraqqiyotining o‘sishi 1990-yildan beri eng past darajaga tushgan. Bu esa dunyo iqtisodiy inqirozlar, geosiyosiy ziddiyatlar, iqlim muammolari va texnologik nomutanosibliklar bilan bir vaqtda kurashayotganini anglatadi.
Shu bilan birga, AI ta’lim va tibbiyot sohasida misli ko‘rilmagan imkoniyatlar yaratmoqda. Past va o‘rta Human Development Report davlatlarida yashovchilarning 70 foizi AI ish samaradorligini oshiradi deb hisoblaydi. Ko‘pchilik yaqin yillarda AI dan ta’lim, tibbiyot va ish jarayonlarida foydalanishni rejalashtirmoqda. Bugun AI tibbiyotda erta diagnostika, ta’limda individual o‘qitish, qishloq xo‘jaligida prognoz tahlillari va davlat boshqaruvida smart governance tizimlarini rivojlantirmoqda.
Markaziy Osiyo uchun ham bu jarayon g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Chunki kelajak iqtisodiyoti tabiiy resurslarga emas, balki texnologiya va intellektga tayanadi. Universitetlarda AI, data science va kiberxavfsizlikni o‘qitish ertangi taraqqiyotga investitsiyadir. Davlat boshqaruvini raqamlashtirish esa shaffoflik va samaradorlikni oshiradi.
Biroq texnologiya taraqqiyoti inson qadriyatidan ustun kelmasligi shart. Chunki agar sun’iy intellekt adolatsizlikni kuchaytirsa, insonni nazorat ob’ektiga aylantirsa yoki raqamli mustamlakachilikka xizmat qilsa, taraqqiyot ma’naviy inqirozga aylanishi mumkin.
Insoniyat bugun tarixiy tanlov oldida turibdi: kelajakni algoritmlar belgilaydimi yoki inson tafakkuri? Javob oddiy, ammo mas’uliyatli – texnologiyani kim boshqarsa, kelajakni ham o‘sha yaratadi.
Shuning uchun bugungi eng katta vazifa — sun’iy intellektni inson manfaatiga xizmat qildirish. Kelajak inson va mashina raqobatida emas, balki ularning uyg‘unligida. Chunki texnologiyaning haqiqiy qiymati uning qudratida emas, balki insoniyatga qanchalik foyda keltirishidadir.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.