Inson salomatligi – eng oliy ne’mat
Sog‘lom turmush tarzi kasalliklarning oldini olishda muhim omil hisoblanadi. Prezidentimiz 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida bir og‘riqli masalani ya’ni bugungi kunda 7 million aholimizda turli xil surunkali kasalliklar borligini ta’kidlab o‘tdi.
“Sog‘lom hayot tarzi haqida olti yildan beri gapiryapmiz. Lekin Sog‘liqni saqlash vazirligi buni hali joy-joyiga qo‘ya olmayapti. Sog‘lom ovqatlanish ratsioniga doir tavsiyalar odamlarga yetkazilmayapti, turli yoshdagi kishilar uchun jismoniy mashqlarni o‘rgatish ishlari yo‘q. Aslida, inson salomatligi, tibbiyotning zamini ham shular-ku! Shu bois, “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” yangi umummilliy harakatini mahalladan boshlaymiz”. Bu harakatda yoshu qari – barcha yurtdoshlarimiz o‘z o‘rnini topishi kerakligini ta’kidladi.

Bu so‘zlar O‘zbekiston xalqining sog‘ligini o‘ylab aytilganini unutmasligimiz zarur. 2020 yilda koronavirus dunyo miqyosida keng tarqalib bizning yurtimizda ham o‘z zarbasini ko‘rsatdi. Bunda asosan mehnat faoliyati bilan ovora bo‘lib sog‘lom turmush tarzidan yiroqlashib, kam harakat qiluvchi immuniteti pasayib qolgan insonlar kasal bo‘ldi. Bundan keyingi hayotimizda badantarbiya mashg‘ulotlari, ommaviy sport tadbirlari va sport mashg‘ulotlari doimiy tarzda kundalik hayotimizdan o‘rin olishi lozimligini ko‘rsatib qo‘ydi. Shunday ekan barchamiz sog‘ligimizning borida qadriga yetaylik.
Nurali Munirov,
Buxoro davlat universiteti sport targ‘ibotchisi