Inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyat baholanadi
Davlat organi va tashkilotining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyatini baholash tartibi joriy etilmoqda.
Mazkur baholash tartibi davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organi va tashkilotining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyatini baholash va erishilgan natijalarni hisoblash hamda reyting ballarini chiqarishni belgilaydi.
Baholash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va filiallari tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda qo‘yidagi Baholash indikatorlari va ularni hisoblash usullaridan foydalaniladi:
a) asosiy indikatorlar:
davlat tashkilotidagi vakansiyalar darajasi;
vakant lavozimlarning yopilish muddati;
davlat tashkilotidagi qo‘nimsizlik darajasi;
inson kapitalini rivojlantirish koeffetsenti;
xodimlarning yuqori malaka darajasi ko‘rsatkichi (fan nomzodi, falfasa doktori, fan doktori);
xalqaro e’tirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlarning yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy OTMlarni tamomlagan xodimlar soni;
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish darajasi;
b) qo‘shimcha indikatorlar:
ma’lumotlarni o‘z vaqtida va xatosiz taqdim etganlik bo‘yicha;
umumiy xodimlardagi xotin-qizlar ulushi;
umumiy xodimlardagi yoshlar ulushi.
Reyting baholari formula orqali 100 ballgacha asosiy va 20 ballgacha qo‘shimcha ballari asosida aniqlanadi:
Inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyatni baholash quyidagi interval shkala yordamida «a’lo», «yaxshi», «qoniqarli» va «qoniqarsiz» toifalarga ajratiladi:
81 ball ≤ RB ≤ 100 ball a’lo darajada faoliyat.
71 ball ≤ RB ≤ 80 ball yaxshi darajada faoliyat.
55 ball ≤ RB ≤ 70 ball qoniqarli darajada faoliyat.
RB ≤ 54 ball qoniqarsiz darajada faoliyat.
Baholashdagi indikatorlar ko‘rsatkichlari “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga integratsiya qilingan “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimi” dasturiy-apparat kompleksi orqali aniqlanadi.
O‘zA