“Inson qadri”: onlayn platforma taqdimoti Surxondaryoda
Termizda “Inson qadri” onlayn platformasi hamda “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” to‘plami taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ham qizg‘in muhokama etildi.
Surxondaryo viloyat hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyat, tuman, shahar hokimliklari mutasaddilari, mahalliy kengashlar deputatlari, korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari, nodavlat–notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.


Unda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari F. Mamanov, xalq deputatlari viloyat kengashi deputati S.Abduraimov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazining bo‘lim boshlig‘i J. Sharipov, A. Xolbekov, Oliy Majlis Senati a’zosi A. Soatov, “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘limi rahbari G. Amirova, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar bosharmasi boshlig‘i Z. To‘rayev va boshqalar “Inson qadri” onlayn portalining ishlash mexanizmi va ahamiyati, Taraqqiyot strategiyasining mazmun-mohiyati haqida atroflicha fikr yuritdi.
Ta’kidlandiki, “Inson qadri” onlayn portali Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturlarining joylardagi ijrosi natijalarini keng aholi qatlamiga yetkazish, uning joylardagi ijrosida aholining bevosita ishtirokini ta’minlash uchun tashkil etilgan. Bunda keng jamoatchilik “davlatdasturi.uz” onlayn platformasi orqali Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bevosita kuzatib borishi, Davlat dasturining ijrosi yuzasidan o‘z fikr, taklif va e’tirozlarini bildirishi uchun qulay imkoniyat yaratilgan.


Shuningdek, Davlat dasturi har bir bandining ijro holatini batafsil o‘rganish imkoniyati yaratilgani mas’ul mutasaddilarda uning bajarilshiga doir hisobdorlikni oshiradi. Amalga oshirilgan islohotlarni mazkur portal orqali o‘z hayotida his qilishi kerak bo‘lgan fuqarolar shaxsiy munosabatlarini foto, video yoki elektron hujjatlarni yuklash orqali ham jo‘natishi mukin.
Bu kabi qulayliklar jamoatchilikning Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining monitoringi hamda amalga oshirilishidagi tizimli ishtirokini ta’minlash va natijadorligini baholashga xizmat qiladi.


Portalga Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining ijrosi natijalari bo‘yicha infografik ma’lumotlar, videorolik va tahliliy sharhlarga oid ma’lumotlar kiritib borilishi keng jamoatchilikning Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturi doirasida olib borilayotgan islohotlardan xabardorligini oshiradi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va mazkur hujjatning umumxalq muhokamasini tashkil etish, jamoatchilik faolligini yanada oshirishga e’tibor qaratildi. “Inson qadri” onlayn portali va Konstitutsiyaviy qonun loyihasi atroflicha muhokama etildi. “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” to‘plami taqdimotiga oid videorolik namoyish etildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri