Inson qadri – e’tibor va g‘amxo‘rlikda
O‘zLiDeP Navoiy viloyati Kengashi tashabbusi Xatirchi tumanida “Keksalarga mehr” aksiyasi doirasida yolg‘iz keksalar, bemorlar va ehtiyojmand oilalar holidan xabar olindi.
Inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmand aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, yolg‘iz va keksa yurtdoshlarimizga mehr-e’tibor ko‘rsatish yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Aksiyada partiyaning g‘oya va maqsadlarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan saxovatpesha tadbirkor - “DYNAMIC ELECTRONIES” MCHJ rahbariyati va partiya xodimlari “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan, yolg‘iz hamda salomatligi tufayli yotoq sharoitida bo‘lgan 4 nafar fuqaroning xonadoniga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida ularning holidan xabar olinib, xonadon egalari bilan samimiy suhbatlar qurildi. Uchrashuvlarda davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatning markazida inson va uning manfaatlari turgani, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– Keksa avlod vakillariga hurmat ko‘rsatish, ularning duosini olish xalqimizga xos yuksak ma’naviy qadriyatlardan biridir. Zero, hayot yo‘li ibrat va tajribaga boy bo‘lgan keksalarimiz doimo e’zoz va ehtiromga munosib, – deydi mahalla faollaridan biri Abdukomil Jo‘rayev. – Yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning naqadar xalqchil va insonparvar ekanligi bugungidek saxovat tadbirlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Yolg‘iz va bemor keksalarimizdan xabar olish, ularga moddiy ko‘mak ko‘rsatish o‘zbekona qadriyatlarimizning go‘zal namunasidir. Partiya va saxovatpesha tadbirkorlarimiz tomonidan amalga oshirilayotgan bunday ezgu amallar keksalarimizning duolarini olishga, ularning dilidagi shukronalik hissini kuchaytirishga xizmat qiladi. Buning uchun barcha tashkilotchilarga katta rahmat aytamiz.
O‘zLiDeP tomonidan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida joylarda amalga oshirilayotgan xayriya aksiyalari va manzilli tadbirlar davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri