Inson qadr-qimmati — hamma narsadan ustun
Yurtimizda inson qadr-qimmati eng yuqori o‘rinda turadi.
Insonning umri davomida baxtiyor, zarur shart-sharoit va qulayliklarga ega, xotirjam bo‘lib yashashi uchun amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlardan yurtimiz fuqarolari mamnun. Ayniqsa, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini yuzaga chiqarishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. bugungi kunda mamlakatimizdagi mavjud 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchasida 1 ming 823 nafar o‘g‘il-qiz yashab, tahsil olmoqda. 86 ta maxsus maktab-internatda 21 ming 363 nafar bola tarbiyalanmoqda. Bundan tashqari, saxovatli insonlar tashabbusi bilan oila sharoitida tarbiyalanayotgan yetim bolalar mavjud. Ularning mungli ko‘zlariga quvonch ulashish, kemtik qalbiga xotirjamlik tuhfa etish maqsadida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar e’tiborga molik.
Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 28 iyul kuni Toshkent shahridagi 21-Mehribonlik uyini borib ko‘rdi va tarbiyachilar hamda bolalar bilan muloqot qildi. “Bugun kelishimizdan maqsad sizlar bilan ko‘rishib, sizlarning timsolingizda barcha tarbiyalanuvchilar uchun sharoitlarni bundan-da yaxshilash, iloji boricha, oiladagidek muhit, tarbiya tashkil qilish. Hamma bilan teng bo‘lib ta’lim-tarbiya olishingiz, oliygohlarda o‘qib, kasb egallashingiz, uy va ish bilan ta’minlanib, hayotda munosib o‘rin topishingiz uchun imkoniyatlar yaratamiz. Shuni bilinglarki, sizlarning ota-onangiz, vataningiz bor. Davlat sizlarni hech qachon e’tiborsiz qoldirmaydi”, dedi Prezident uchrashuvda.
Davlatimiz rahbarining bugun, 11 avgustda qabul qilingan “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ushbu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Qarorga ko‘ra, 2021 yil 15 avgustdan boshlab yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uy-joy bilan ta’minlanadi. Bunda o‘zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar kollej, akademik litsey, texnikum va oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan davrida mahalliy hokimliklar tomonidan ajratilgan uy-joylarda kommunal xizmatlarning me’yoriy ko‘rsatkichlari bo‘yicha foydalanilgan kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarning ellik foizi tegishli tuman va shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan kompensatsiya qilinadi.
Uy-joylarga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joy xarid qilish va qurish uchun 2021 yilda talab etiladigan mablag‘larning 50 foizi O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti, qolgan qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari va boshqa mablag‘lar hisobidan ajratiladi.
Ta’kidlash joizki, ushbu qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, zarur shart-sharoitlarga ega bo‘lib,xotirjam hayot kechirishlariga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA