Inson manfaatlari ulug‘langan hujjat
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tashkilot, korxona va muassasalar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar va OAVlari xodimlari ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi konstitutsiyamiz eng avvalo inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etishda muhim huquqiy hujjat hisoblanadi. Umumjahon tajribalarini o‘zida mujassam etgan bosh qomusimizda fuqarolarning munosib hayot kechirishini ta’minlash davlatchiligimizning ustuvor vazifasi sifatida e’tirof etilgan.
– Mamlakatimizning yangi konstitutsiyasi tadbirkorlik va xususiy mulkning ishonchli himoyasini ta’minlash, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarini rivojlantirish bo‘yicha yangidan-yangi marralar hamda natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratib bergani bois, viloyatimiz ahli ham ushbu bayramni bir qator yutuqlar bilan qarshi olmoqda, – dedi viloyat hokimi.
– Jumladan, viloyatimizda sanoat, ishlab chiqarish, aholi jon boshiga daromad, servis va xizmat ko‘rsatish hajmi, aholini uy-joy bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish darajalarining muntazam ortib borayotgani xalqimizning fidokorona mehnatidan faxrlanishimizga to‘liq asos bo‘ladi. 2025 yilda barcha manbalar hisobidan 399 ta ob’ektda 1,5 trillion so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Aholining uy-joyga bo‘lgan talab va istaklarini qondirish maqsadida joriy yilning 11 oyi davomida 3525 xonadonli 48 ta uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Yil yakunigacha yana 1975 xonadonli 21 ta uy-joy qurilib, foydalanishga topshiriladi.
Shuningdek, 2025 yil boshidan buyon 15,5 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 120 km ichimlik suv tarmoqlari tortildi. 455 milliard so‘m hisobiga 908 km avtomobil yo‘llari va 12 dona ko‘prik qurildi. 104 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 470 km elektr tarmoqlari tortilib, 150 dona transformator va 6 dona taqsimlash qurilmasi hamda 3 dona yirik podstansiya qurilib foydalanishga topshiriladi.
Viloyat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi 105 ta maktab va 58 ta bog‘cha, 6 ta tibbiyot muassasalarida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, 5 ta hudud – Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on shaharlari hamda Uchquduq va Qiziltepa tumanlari kambag‘allikdan xoli hududga aylantirildi.
Tantanali marosimda ijro etilgan Vatanni, ona yurtni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, jozibali raqslar va sahna ko‘rinishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.
Baxtimiz qomusi qabul qilingan kun viloyatning barcha tuman va shaharlarida, tashkilot va korxonalarida keng nishonlanmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA