Inshootlarning ijara shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish mulkdor yoki vakolatli vakil zimmasiga yuklatiladi
Parlament quyi palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida dastlab Prezidentimizning madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuvi, unda ilgari surilgan yangi tashabbuslar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Fraksiya rahbari O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga o‘tayotgani va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar targ‘iboti hamda xalqimiz ma’naviyati, yoshlar tarbiyasini mustahkamlashda madaniyat va san’at sohasi vakillarining o‘rni alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Uchrashuvda ana shunday ehtiyojdan kelib chiqib, madaniyat va san’at sohasi vakillari oldida bir qator vazifalar belgilab berilgani, bu jarayonda partiya vakillari ham O‘zMTDP dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda faol ishtirok etishi lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonunning 35-moddasiga qo‘shimcha kiritishga qaratilgan loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, amaliyotda ko‘chmas mulkka oid ijara huquqini davlat ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq ayrim kamchiliklar mavjudligi aniqlangan. Jumladan, bir yildan kam bo‘lmagan muddatga tuzilgan ko‘chmas mulkka doir ijara huquqlar davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Lekin qonunchilikda ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda hujjatlarni ijaraga beruvchining yoki ijaraga oluvchining qaysi biri tomonidan topshirilishi aniqlashtirilmagan.

Bunda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 68/1-moddasida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat qilinmaganligi yuzasidan javobgarlik nazarda tutilgan. Shu tariqa qonunchilikda huquqiy bo‘shliq yuzaga kelib, mazkur huquqbuzarlik uchun kim javobgarlikka tortilishi noaniq bo‘lib qolgan.
Mazkur loyihada binolar va inshootlarning ijara shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati, agar ijara shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, binoning yoki inshootning mulkdori yoxud uning vakolatli vakili zimmasiga yuklatilish ko‘zda tutilmoqda.
M.Komilova, O‘zA