"InnoWeek" doirasida O‘zbekistonga Koreyaning CNG traktorlari topshirildi
Poytaxtimizdagi "CAEx Uzbekistan" xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida tashkil etilgan "InnoWeek-2026" xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Koreya Respublikasi tomonidan O‘zbekistonga 50 dona CNG traktori beg‘araz topshirildi.
Marosimda ikki mamlakat vakillari, soha mutaxassislari hamda haftalik ishtirokchilari qatnashdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim va ilm-fan vaziri o‘rinbosari Mehriniso Pardayeva, qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurov va Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon so‘zga chiqib, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ekologik toza texnikalardan foydalanish va o‘zaro hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, CNG traktorlari siqilgan tabiiy gazda ishlashi, yoqilg‘i xarajatlarini kamaytirish imkoniyati va ekologik afzalliklari bilan ahamiyatli. Ularni ilmiy-tadqiqot institutlari, texnoparklar va oliy ta’lim muassasalariga topshirish texnikani mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirish, samaradorligini o‘rganish va qishloq xo‘jaligida keng qo‘llash imkoniyatlarini baholashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik zamonaviy texnologiyalar, investitsiyalar va ilg‘or tajribalarni joriy etish orqali rivojlanmoqda.
–Bugungi kunda innovatsiyalar qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va resurslardan samarali foydalanishda muhim o‘rin tutadi. Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, energiya va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, urug‘chilik hamda raqamli yechimlarni rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu tashabbuslar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va qishloq xo‘jaligining texnologik salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi, – dedi vazir o‘rinbosari.
[gallery-32258]
Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon CNG traktorlarining topshirilishini ikki mamlakat hamkorligining yangi bosqichi sifatida baholadi.
Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, CNG traktorlarining topshirilishi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida muqobil yoqilg‘i texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish, resurslarni tejash va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim tashabbusdir. Ularning mahalliy sharoitdagi samaradorligini o‘rganish kelgusida ushbu texnikalarni keng joriy etish bo‘yicha amaliy yechimlarni ishlab chiqishga yordam beradi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA