“InnoWeek-2025” – ilg‘or ishlanmalar va tashabbuslar maydoniga aylanmoqda
Bugun poytaxtimizdagi “CAEx Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalar markazida “InnoWeek-2025” - innovatsion g‘oyalar xalqaro haftaligi o‘z ishini boshladi.
Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etilgan ushbu nufuzli tadbirda dunyoning 30 ga yaqin davlatidan vakillar qatnashmoqda.
Haftalikning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda vazirlik va idoralar rahbarlari, xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari vakillari, yirik ilmiy markazlar olimlari, texnologik soha ekspertlari, startap ekotizim ishtirokchilari, yosh innovatorlar va ixtirochilar ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarova so‘zga chiqib, o‘tgan yillar mobaynida haftalik innovatsion ishlanmalarni namoyish etish bilan cheklanib qolmay, balki ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish, xalqaro miqyosda bilim va tajriba almashinuvi hamda strategik hamkorlikni mustahkamlash borasida muhim platformaga aylanganini ta’kidladi.
[gallery-25671]
–“InnoWeek-2025” mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim va innovatsiya sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yorqin ifodasidir. Innovatsiya va ilm-fan bir-biridan ajralmas tushunchalar hisoblanadi. Agar ta’lim tizimi ijobiy tarafga o‘zgarmasa, ilmiy izlanishlar, ularning natijalarida uzluksizlik ta’minlanmaydi. Shu bois, O‘zbekistonda ta’limni tubdan isloh qilish nafaqat davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi, balki barqaror iqtisodiy o‘sish va texnologik taraqqiyotning asosiy poydevori sanaladi. Prezidentimiz boshchiligida ta’lim sohasida har bir yo‘nalishda muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq bu borada hali qilinadigan ishlar yetarli emas. “InnoWeek-2025” haftaligi aynan shu maqsadlarimizga xizmat qiluvchi muhim platforma. U faqat ilmiy-texnik ko‘rgazma emas, bu ta’lim, fan va biznes o‘rtasidagi muloqot, yangicha yondashuv va eng muhimi, ilmiy g‘oyalarni hayotga tatbiq etish maydoni, –dedi H.Umarova.
Haftalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 apreldagi “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalarni amaliy joriy qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur muhim platformada ilgari surilayotgan tashabbuslar nafaqat milliy innovatsion ekotizimni rivojlantirish, balki global innovatsion jarayonlarga faol integratsiyalashuvga xizmat qiladi.
Aytish joizki, “Chegarasiz g‘oyalar” shiori ostida o‘tkazilayotgan bu galgi VIII Innovatsion g‘oyalar xalqaro haftaligi innovatsiyalar yo‘nalishida mahalliy, xalqaro yangiliklar, ixtirolar, startaplar, ishlanma va loyihalar bilan tanishish uchun yaxshi imkoniyat sanaladi. Uning dasturi doirasidan ko‘plab tadbir o‘rin olgan. 15 ming kvadrat metrdan ortiq maydonda tashkil etilayotgan ko‘rgazmada 400 ga yaqin innovatsion loyiha va ishlanma namoyish etilmoqda.
Bu yil haftalikda yirik mahalliy va xalqaro kompaniyalar, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari, venchur fondlar, moliya tashkilotlari, xalqaro ma’lumotlar bazalarining vakillari ishtirok etyapti. Jumladan, Xitoy, Malayziya, Singapur, Yaponiya, Vengriya, Germaniya, Fransiya, Hindiston, Eron, Belarus, Armaniston, Gruziya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan vakillar o‘z imkoniyat, tajriba va tashabbuslarini namoyish qilmoqda.
Xorijlik ishtirokchilar safida vengriyalik vakillar ham bor. “Nexus Solutions KFT.” rekruting agentligi ijroiya direktori Attila Pushtayining so‘zlariga ko‘ra, haftalik tomonlar o‘rtasida tanishuv, muloqot va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
– O‘zbekistonga ilk bor keldik. Yurtingizda bunday xalqaro haftalikning tashkil etilishi biz uchun katta imkoniyat yaratdi. Biz Vengriyaning “Winergy Kft.” va “GreenMIG Hungary Kft.” kompaniyalari tomonidan taklif etilayotgan tashabbuslarni namoyish etyapmiz. Bu biz uchun ilk tajriba va muhim qadam hisoblanadi. “InnoWeek-2025” Markaziy Osiyoda qurilish va energetika sohalaridagi imkoniyatlarni o‘rganish, hamkorlikni mustahkamlash hamda yangi loyihalarni muhokama qilish uchun muhim maydon. Biz tadbirdan katta natijalar kutyapmiz va kelgusida O‘zbekiston kompaniyalari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz. Shuni ta’kidlamoqchimanki, O‘zbekiston bilan ishonchli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bizning ustuvor yo‘nalishimiz hisoblanadi. Bu jarayonda “InnoWeek-2025” ikki tomonlama manfaatli hamkorlikka keng yo‘l ochadi, – dedi Attila Pushtayi.
Ahamiyatlisi, “InnoWeek-2025” - innovatsion g‘oyalar xalqaro haftaligi nafaqat ilmiy va texnologik yangiliklarni namoyish etish, balki xorijiy kompaniyalar uchun O‘zbekiston bozoridagi imkoniyatlarni o‘rganish, sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda yangi loyihalarni amalga oshirishda muhim qadam.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA