Innovatsiyalar, bilim va hamjihatlik maydoniga aylangan forum
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan “Yosh kutubxonachilar” VI Respublika ilmiy-amaliy forumi hamda uning doirasida “Innovatsion loyihalar” tanlovi o‘tkazildi.
Mazkur ma’rifiy tadbirlar istiqlol yillarida mamlakatimiz kutubxonachilik sohasida amalga oshirilgan ishlar tahlili, kitobxonlikni, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini yanada yuksaltirish, yosh kutubxonachilar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva bugungi kunda mamlakatimiz kutubxonachilik sohasi raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalari va inklyuzivlik tamoyillari asosida jadal rivojlanayotganini ta’kidladi.

Milliy kutubxonachilikdagi asosiy yutuqlar bir qator yo‘nalishlarda o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, mamlakatimiz bo‘ylab kutubxonalarni bog‘lovchi yagona qidiruv tizimi va milliy elektron tarmoqlar yaratildi. Noyob qo‘lyozmalar, tarixiy kitoblar hamda davriy matbuot nashrlari raqamlashtirilib, elektron bazaga joylashtirildi.
Shuningdek, Milliy kutubxonaning elektron resurslaridan maxsus ilovalar orqali uydan chiqmasdan foydalanish imkoniyatlari kengaydi. Talabalar va tadqiqotchilar uchun dunyoning yetakchi ilmiy ma’lumotlar bazalariga bepul kirish imkoniyati yaratildi. Bugungi kunda kutubxonalar nafaqat kitob berish maskani, balki Wi-Fi zonalari, kovorking markazlari, muhokama klublari hamda ma’naviyat va ma’rifat o‘choqlariga aylandi.

Forum doirasida axborot-kutubxona sohasini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etishni rag‘batlantirish hamda yosh iste’dodlarni kashf etish maqsadida “Innovatsion loyihalar” tanlovi tashkil etildi.
Tanlovga respublikaning turli hududlaridan ko‘plab startap loyihalar taqdim etildi. Saralash bosqichi natijalariga ko‘ra, eng istiqbolli deb topilgan 12 ta loyiha final bosqichiga yo‘llanma oldi.

Forumning ikkinchi kunida finalchilar o‘z loyihalarini ekspertlar va tanlov hay’ati a’zolariga taqdim etdi. Taqdimotlar davomida har bir loyiha dolzarbligi, innovatsion yondashuvi, amaliy ahamiyati, amalga oshirish mexanizmlari, barqarorligi hamda kutilayotgan ijtimoiy samaradorligi mezonlari asosida baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng munosib loyihalar Gran-pri, birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga munosib deb topildi. Gran-pri sohibi Ravshan Qodirov bo‘ldi. U taqdim etgan loyiha innovatsionligi, amaliy samaradorligi va yangicha yondashuvlari bilan alohida e’tirof etildi. Tanlov g‘oliblari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
“Yosh kutubxonachilar” VI Respublika ilmiy-amaliy forumi sport tadbirlari bilan ham davom etdi. Forum dasturi doirasida tashkil etilgan Sport kuni ishtirokchilarga nafaqat mazmunli hordiq chiqarish, balki jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va o‘zaro do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirish imkonini berdi.

Sport musobaqalari shaxmat, shashka, stol tennisi, futbol va voleybol yo‘nalishlarida o‘tkazildi. Har bir bellashuv qizg‘in bahslar, yuksak sport ruhi va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi. Yosh kutubxonachilar nafaqat kasbiy salohiyatini, balki jismoniy tayyorgarligi, jamoada ishlash madaniyati va g‘alabaga intilishini ham namoyon etdi.
Forum dasturi doirasida soha mutaxassislari uchun “Library Quiz” nomli intellektual jamoaviy musobaqa ham tashkil etildi. Unda ishtirokchilar kutubxonachilik, axborot-resurs faoliyati, adabiyot, zamonaviy texnologiyalar hamda umumiy bilimlar bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.

Intellektual bellashuv davomida jamoalar tezkor fikrlash, mantiqiy yondashuv, hamjihatlik va bilim salohiyatini namoyon etib, qiziqarli va murosasiz bahslarda ishtirok etdi. Mazkur musobaqa yosh kutubxonachilar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, kasbiy bilim va ko‘nikmalarni oshirish hamda do‘stona muhitni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar” oromgohida o‘tkazilgan forum doirasida rahbar va yoshlar uchrashuvi ham tashkil etildi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish, yosh mutaxassislarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy kutubxonachilik va rahbarlik faoliyatining dolzarb masalalari muhokama qilindi. Samimiy ruhda kechgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Forum yakunida eng faol ishtirokchilar taqdirlandi.

Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri