Innovatsion loyihalar ishlab chiqarishga
Bugungi kunda samarqandlik olim va mutaxassislarning xalq xo‘jaligining turli tarmoqlariga oid zamonaviy innovatsion loyihalari sanoat, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan va boshqa sohalardagi islohotlar samaradorligini oshirish, iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Dasht hududida chorvachilik yo‘nalishida fermer xo‘jaligi tashkil etganmiz. Yog‘ingarchilik mo‘l bo‘lgan yillarda yem-xashakdan qiynalmaymiz. Ammo yil biroz quruq kelsa, tuyoq sonini ko‘paytirish va ozuqa jamg‘arishda xarajatlarimiz ko‘payib ketadi. 100 gektar lalmi yerga suv chiqarishda muammolarga duch kelayotgandik. Bugungi yarmarkada qatnashib, bu muammoga yechim topdim. Olimlarimiz yaratgan quyosh batareyalari yordamida artezian quduqdan suv chiqarish texnologiyasini xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzdik...Bu yaqinda Samarqand shahrida o‘tkazilgan IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy ko‘rgazmasida ishtirok etib, o‘ziga ma’qul texnologiya va ishlanmalarni xarid qilgan Qo‘shrabot tumanidagi “Temirqo‘rg‘on” fermer xo‘jaligi raisi Rahmiddin Do‘stmurodovning fikrlari.
Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ilm-fan, innovatsiya sohasidagi tadqiqot va yangiliklarni qo‘llab-quvvatlash, ularni hayotga joriy etishda yangi bosqichni boshlab berdi. Qaror ijrosi yuzasidan har yili o‘tkazilayotgan hududiy va respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar ko‘rgazmasi ham ushbu maqsadga xizmat qilmoqda. E’tiborlisi, yildan-yilga tadbir ishtirokchilari safi kengayib, namoyish etilayotgan innovatsion loyihalar salmog‘i ortib bormoqda.
– 2015-yilgi hududiy yarmarkada sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, informatsion texnologiyalar, ilm-fan sohasidagi 150 ga yaqin innovatsion texnologiya va ishlanmalar namoyish etilib, yuzga yaqin shartnoma imzolangan edi, – deydi Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti ilmiy tadqiqot majmui boshlig‘i Akmal Yormuhamedov. – Bu yil Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari olim va mutaxassislarining 280 dan ortiq innovatsion ishlanmalari taklif etildi. Ularning 103 tasi qishloq xo‘jaligiga, 76 tasi sanoat, 51 tasi fan va ta’lim bo‘yicha, 36 tasi axborot texnologiyalari, 15 tasi tibbiyot va farmatsevtikaga doir bo‘ldi. Tadbirda viloyatdagi yirik sanoat korxonalari vakillari, tadbirkorlik subyektlari, fermerlar va mutaxassislar qatnashib, taklif etilgan loyihalarni xarid qilish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi, fikr almashdi. Yarmarka davomida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida umumiy qiymati 1 milliard 430 million so‘mlik 138 shartnoma imzolandi. Universitetimiz olimlari 70 dan ortiq innovatsion ishlanma bilan qatnashib, 50 ga yaqin shartnoma tuzdi.
Joriy yilgi hududiy yarmarkada taqdim etilgan innovatsiya loyihalarida qishloq xo‘jaligi sohasiga oid ishlanmalar salmoqli o‘rinni egalladi. Bu Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samarasi sifatida ushbu jarayonda ilm-fan sohasi vakillarining faol ishtirok etayotganidan dalolat beradi.
– Globallashuv jarayonlari kuchayib, jahonda resurslar taqchilligi va demografik ko‘rsatkichlar o‘sib borayotgani aholini oziq-ovqat mahsulotlari, sanoatni xomashyo bilan ta’minlovchi qishloq xo‘jaligida zamonaviy innovatsion texnologiyalardan keng foydalanishni taqozo etmoqda, – deydi Samarqand qishloq xo‘jalik instituti rektori Toshtemir Ostonaqulov. – Keyingi yillarda viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari tomonidan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha bir qancha ilmiy va amaliy loyihalar tayyorlandi. Natijada kartoshkaning oltita, bug‘doy, shirin makkajo‘xori, tarvuzning ikkitadan, kungaboqar va loviyaning bittadan yangi navi yaratilib, mualliflik guvohnomasi olindi. Intensiv bog‘lar uchun avvallari xorijdan keltirilgan pakana va yarim pakana daraxt ko‘chatlarini viloyatimizda yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Veterinariya sohasida 22 innovatsion ishlanma yaratilib, patentlashtirildi. Parrandaning turli kasalliklarini davolash va oldini olishda qo‘llaniladigan preparatlar Payariq tumanining "Yuqori ovul parranda", "Plem chorvadori", "Xayrullo Saydiyev" fermer xo‘jaliklari va Qashqadaryo viloyatidagi "Oqsaroy parranda" korxonalarida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilib, keng foydalanilmoqda. Ushbu preparatlar xorijnikidan 18-30 foiz arzonligi va yuqori samaradorligi bilan fermerlarga manzur bo‘lmoqda.
Yangi yaratilgan sakkiz xil veterinariya dori vositalari ham Pastdarg‘om, Tayloq, Payariq, Ishtixon tumanlari fermer xo‘jaliklarida qoramollardagi kasallikni davolash va oldini olishda qo‘llanilib, kutilgan natijaga erishilmoqda. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini mexanizatsiyalashtirish sohasida uchta yangi texnika va texnologiya yaratildi. G‘allachilikda g‘o‘za qator orasi va ochiq maydonlarga urug‘ ekishning energo-resurstejamkor shakli bo‘lgan universal seyalka turli sharoitlarda sinovdan o‘tkazilib, ishlab chiqarishga joriy etildi. Ushbu vosita yordamida g‘alla ekish urug‘likni 20-25 foiz, yoqilg‘ini 1,5-2 barobar tejash imkonini beradi. Muhimi, urug‘ning bir tekis, to‘liq ko‘karishi, sovuq ob-havoga qolmay tuplashi hisobiga yalpi hosil 10-15 foiz oshadi. Samarqanddagi “Kinap” korxonasida universal seyalkaning 60 va 90 santimetrli g‘o‘za qator oralariga urug‘ ekishga mo‘ljallangan modifikatsiyasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash davlat markazi tomonidan sertifikatlandi.
Bugungi kunda samarqandlik olim va mutaxassislarning xalq xo‘jaligining turli tarmoqlariga oid zamonaviy innovatsion loyihalari sanoat, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan va boshqa sohalardagi islohotlar samaradorligini oshirish, iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga xizmat qilmoqda.