Innovatsion loyihalar haftaligi
Toshkent viloyatida 23-27 may kunlari “Innowomenweek” – ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion haftaligi o‘tkazilmoqda.
Mazkur tashabbus joylarda xotin-qizlarning innovatsion loyiha va ishlanmalarini joriy etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik va ixtirochilik faoliyatiga keng jalb qilish, intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilishlariga ko‘maklashish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat qilayotgan ayollarning faoliyatlariga innovatsion yondashuvni joriy qilish maqsadida amalga oshirilyapti.

Haftalik doirasida Toshkent davlat texnika universitetining (TDTU) va Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti (“MISiS”)ning Olmaliq shahridagi filiallarida bo‘lib o‘tgan mazkur forumda olima, doktorant, magistrant va talaba qizlar qatnashdi. Unda ishtirokchilar o‘zlarining texnika yo‘nalishida olib borayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining natijalari bo‘yicha ma’ruzalar qildi. Forum doirasida TDTU Olmaliq filialida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston ixtirochi ayollar markazi raisi K.Norqulova, Toshkent viloyati Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha hokim maslahatchisi Z.Mirg‘oziyeva filialda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar, talaba yoshlar bilan uchrashdi.

Muhandis va dasturchi xotin-qizlarning salmog‘ini oshirish, ularni sanoat va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalariga keng jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar, talaba qizlar jamiyatimizdagi turli xil muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan ijtimoiy loyihalarni ham taklif etdi.

Haftalik doirasida o‘tkazilgan forumda muhandis hamda dasturchi xotin-qizlarning salmog‘ini oshirish, ularni sanoat va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalariga keng jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Forum ishtirokchilari tomonidan Olmaliq shahrida “Ustozga ta’zim” chelendjiga start berildi.
A.Musayev, O‘zA.