Innovatsion dizayn bo‘yicha mentorlik dasturiga start berildi
Poytaxtimizda YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasb-hunar ta’limi agentligi hamkorligida tashkil etilgan Innovatsion dizayn bo‘yicha mentorlik dasturining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonning qishloq hududlarida bandlik uchun ko‘nikmalarni rivojlantirish” loyihasi asosida amalga oshirilayotgan dastur doirasida ishtirokchilar dizayn, rang nazariyasi, siluyet va stilizatsiya, mahsulot ishlab chiqish, brendlash hamda innovatsion yondashuvlar bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashadi.

Shuningdek, mentorlik jarayonida tajribali mutaxassislar ko‘magida mahalliy xomashyo va an’anaviy hunarmandchilik elementlari asosida zamonaviy, bozor talablariga mos mahsulotlar yaratish ustida ishlaydi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur tashabbus kasb-hunar ta’limi tizimi va mehnat bozori o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ularning bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, mentorlik dasturining ilk o‘quv kuni ishtirokchilarni dastur mazmuni, murabbiylar va o‘zaro hamkorlik muhiti bilan tanishtirishdan boshlandi.
Mashg‘ulotlar davomida kursning asosiy maqsadlari, kutilayotgan natijalar hamda innovatsion mahsulot yaratish jarayonidagi muhim bosqichlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ishtirokchilar dizayn sohasining nazariy asoslari bilan tanishib, rang nazariyasi bo‘yicha amaliy bilimlarini mustahkamladi.

Kunning ikkinchi qismida siluyet, davrlar va stilizatsiya mavzulariga bag‘ishlangan ijodiy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ishtirokchilar turli tarixiy davrlarga xos shakl va uslublarni tahlil qilib, ularni zamonaviy dizayn talablari bilan uyg‘unlashtirish ustida ishladi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo xalqlarining an’anaviy kiyimlari bo‘yicha o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda milliy liboslarning o‘ziga xos xususiyatlari, bezak elementlari va ularning zamonaviy dizayndagi o‘rni muhokama qilindi.

Mazkur mashg‘ulotlar ishtirokchilarda ijodiy fikrlash, estetik qarash va innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish, shuningdek, milliy madaniy merosdan ilhomlangan raqobatbardosh mahsulotlar yaratish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA